Aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, yashash sharoiti hamda farovonlik darajasi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi holatining aniq ma’lumotlar orqali baholanishi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilashda alohida o‘rin tutadi.
Shu maqsadda Prezidentimizning 2025 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga asosan 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.
– Ta’kidlash kerakki, bu jarayon nafaqat raqamlar to‘plash, balki xalqimizning hayotini yanada yaxshilashga xizmat qiladigan muhim dasturdir, – deydi Navoiy viloyati Statistika boshqarmasi boshlig‘i Asqar Toshnazarov. – Ro‘yxatga olish orqali davlatimiz aholining soni, yashash sharoitlari, mehnat faoliyati va daromad manbalari haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Bu esa ijtimoiy xizmatlar, maktablar, sog‘liqni saqlash va infratuzilmalarni rivojlantirishda asos bo‘ladi. Ya’ni, har bir oilaning hayotida qanday yaxshilanishlar bo‘lishi mumkinligini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni ham muhimdir. Yer maydonlari, parvarish qilinayotgan hosillar va ishlab chiqarish faoliyatlari haqidagi ma’lumotlar qishloq xo‘jaligini yanada samarali boshqarish, yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.
Tadbir ikki bosqichda amalga oshiriladi. Avvalgi 17 kun davomida fuqarolar “census.stat.uz” portali orqali jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Keyingi bosqichda esa “mahalla yettiligi” va boshqa jalb qilingan xodimlar uyma-uy yurib ma’lumot to‘playdi.
To‘plangan ma’lumotlar sifatini ta’minlash maqsadida “mahalla yettiligi” xodimlari uchun axborot tizimidan foydalanishi uchun o‘quv seminari tashkil etiladi. Jarayonni o‘z vaqtida yakunlash uchun kunlik nazorat tizimi joriy etiladi.
Ro‘yxatga olish jarayonida hududlarda ro‘yxatga oluvchilar aholi bilan muloqot qiladi, planshetlar yordamida ro‘yxatga olish so‘rovnomalari to‘ldiriladi.
Bu jarayonda har bir fuqaroning ishtiroki muhim va zarur. Chunki to‘plangan har bir ma’lumot mamlakatimiz taraqqiyoti uchun asosiy manba hisoblanadi.
Bundan tashqari, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini baholash, xalqaro reytinglarda mamlakatimizning o‘rnini yanada yuksaltirish, xorijiy investorlarni jalb qilish va turizm salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, ro‘yxatga olish jarayoni har bir fuqaroning turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladigan jarayon ekanligi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA