Buxoroni madaniyatlar, savdo yo‘llari va ilm izlari tutashgan manzil deb ta’riflasa mubolag‘a bo‘lmay. Shu kunlarda Buxoro zamonaviy san’at biyennalega mezbonlik qilmoqda. Buxoroda ilk bor o‘tkazilayotgan biyennale nafaqat shaharning balki butun mintaqaning yirik va rango-rang madaniy tashabbusi. O‘tkazilayotgan tadbirlar, avvalo, tarixiy merosni asrab-avaylash va unga yangi hayot baxsh etishga xizmat qiladi.
Biyennale o‘tkazilayotgan hudud Buxoroning qadimiy madrasalari, masjidlari va karvon saroylari, 14 ta madaniy meros ob’ektlari shu paytgacha yopiq bo‘lgan ko‘plab inshootlarning qayta tiklanib, jamoatchilik uchun ochilishi bu oddiy san’at voqeasidan kengroq jarayonga aylantiradi. Bu shahar hayotiga yangi ma’no bag‘ishlash, uni dunyo bilan qayta bog‘lashdir.
Buxoroning ming yillik minoralari va koshinlari bag‘rida qad rostlagan “Alp musala” installyatsiyasi. Bu islom olamida ilm va tafakkurning go‘yo uyg‘unligi ramzi.
Bir hovuch xurmo va butun boshli qal’a bu ramziy ma’noga ega. Mazkur installyatsiya tabiat va jamiyat uyg‘unligi qadriyatiga asoslangan. Bu yerdagi har bir detal, har bir burchak tabiiy mahsulotdan ya’ni ustunlar xurmo shoxlaridan devorlar esa xurmo barglaridan yaratilgan. Tolalar hisobiga bu qadimiy arab hovlilarga ishora qiluvchi installyatsiya ilk marotaba islomiy san’at biyennalesi namoyish etildi.
[gallery-25201]
– Madaniy ahamiyat bilan bir qatorda loyihamizning barqarorlik jihati juda muhim, – deydi AKT II Kompaniyasi boshqaruv direktori Kristofer Blust. – Bu yerdagi yog‘och materiallar aslida xurmo daraxtidan chiqadigan chiqindidan yasalgan. Bugungi kunda dunyoda 210 million xurmo daraxti bor va har bir daraxt yiliga 23 kilogramm chiqindi hosil qiladi. Natijada fermerlar odatda 4,8 million tonna chiqindini yoqib yuboradi. Bizning dastlabki tadqiqotlarimiz davomida Jidda shahrining mahalliy hunarmandchiligini, tarixiy qurilish uslublarini o‘rgandik. Shu jarayonda xurmo daraxti e’tiborimizni tortdi. Chunki, u mahalliy to‘quvchilik san’ati bilan chambarchas bog‘liq. Ikki yuz yil avval, xurmo daraxti qurilish materiallari sifatida faol ishlatilgan. Keyinchalik globallashuv tufayli Shimoliy Afrika va Skandinaviyadan qattiq yog‘och olib kelish osonlashgani sabab bundan foydalanish asta-sekin to‘xtagan. Biz ana shu an’anani tikladik.
– Tashkilotchilik darajasi juda yuqori, hammasi mukammallikda, – deydi germaniyalik sayyoh Mattiyas Neybur. – Tanlab olingan dasturlar juda ajoyib. Ko‘rgazmalar ham, taqdimotlar ham yuqori saviyada tashkil etilgan. Asosiysi juda katta taassurotdamiz. Bunday tadbirni doimiy davom ettirish oson emas. Shunday ekan, ikkinchi, uchinchi biyennale o‘tkazilishi juda muhim. Shunda u uzluksiz dasturga aylanadi. Chunki, O‘zbekiston o‘zining boy madaniyatini namoyish etish uchun ajoyib imkoniyat bor.
– Men “Shiru-shakar” folklor ansamblini chiqishini ko‘rib, hayratga tushdim, – deydi qozog‘istonlik rassom Saule Suleymenova. – Bu Buxoro ruhiyatini juda chiroyli ochib bergandek tuyuldi. Menda shunday bir fikr paydo bo‘ldi. Har bir taklif etilgan ijodkor Buxorodan yoki umuman O‘zbekistondan bir hunarmand bilan hamkorlik qilishi kerak edi. Folklor ansambli “Shiru-shakar” bilan hamkorlikdagi loyihani boshlayman. Chunki ular an’analarini keyingi avlodga uzatadi. Nazarimda bu juda qimmatli tajriba. Shunday qilib hamkorlik shakllandi. Endilikda biz bu an’analarni butun dunyoda ko‘rsatish ustida harakat qilyapmiz.
Buxoro biyennalesi har bir asar shaxsiy xotira, milliy an’ana va global muammolarni birlashtirgan holda san’at orqali shifo, birdamlik va kelajakka umid g‘oyalarini yoydi. Bu biyennale madaniy merosni tiklash, hozirgi avlodni ilhomlantirish va kelajak uchun barqaror madaniy meros yaratish yo‘lidagi muhim qadam.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.