FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida Yangi Namangan tumanining Kelajak tongi mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlarini olib borish, hududdagi mavjud muammolarni bartaraf etish, aholi uchun munosib turmush tarzini yaratish, hududni ishsizlikdan holi joyga aylantirish borasida mas’ullar va mahalla faollari ishtirokida muhokama o‘tkazildi hamda maxsus shtab tashkil etildi.
Mazkur shtab faoliyati tahlil qilindi, sohalar kesimida taqsimlab berilgan ishlar holati birma-bir ko‘rib chiqildi.
Hududdagi har bir ko‘chada infratuzilmani yaxshilash bilan bog‘liq ishlar puxta amalga oshirilishi, aholining har bir qatlami bilan manzilli tarzda ishlash hamda salohiyatiga ko‘ra bandligini ta’minlash, doimiy daromad topishiga zamin yaratish lozimligi ta’kidlandi. Bu orqali esa hudud kambag‘allikdan va ishsizlikdan holi maskanga aylantirilishi aytildi.
Kelajak tongi – yangi tashkil etilgan, eng yosh mahallalardan biri. Bir vaqtlar Namangan shahrida olib borilgan obodonlashtirish va bunyodkorliklar bois aholining ma’lum qismi ushbu hududga ko‘chib chiqqan edi. Bugun mazkur mahallada aholini qiynab kelayotgan muammolar yetarli.
[gallery-19326]
Mahallaning umumiy yer maydoni 320 gektarni tashkil etadi. Aholisi 10 ming 120 nafardan ziyod. Asosiy ichki ko‘chalari 10 ta, o‘tish yo‘llari 22 ta. Ichki ko‘chalarining jami uzunligi 45 km. O‘tgan yili mahalla ko‘chalarining ma’lum qismi asfaltlangan, qolgani shag‘allashtirilgan edi. Ichimlik suvi tarmog‘i ham to‘liq qamrab olinmagan.
Viloyat hokimi aholi xonadonlariga kirib, muammolarini yaqindan o‘rgangach, ularni hal etish uchun viloyat tashkilotlari jalb etildi.
E’tiborlisi, mahallada nafaqat infratuzilmani shakllantirish, balki aholini ijtimoiy himoyalash, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘paytirish ham maqsad qilingan. Shu maqsadda ijtimoiy himoya milliy agentligi, bandlik, Mahallabay ishlash boshqarmalari, banklar tomonidan xonadonma-xonadon o‘rganishlar olib borilmoqda. Yakunda aholining ehtiyojmand qatlamiga ko‘mak berish, subsidiya ajratish, tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish nazarda tutilgan.
Shuningdek, hududdagi 7 kilometr masofaga OPEK dasturi mablag‘lari hisobidan yangi suv tarmog‘i tortilmoqda. Buning natijasida shu yerda yashovchi 1000 nafardan ziyod aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanadi hamda 1500 nafarga yaqin aholining obi hayotga bo‘lgan ehtiyoji yaxshilanadi.
Aholi bandligiga ko‘maklashish, kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida esa “Ishga marhamat” mono markazi tashkil etildi.
Muxtasar aytganda, mahalla infratuzilmasini yaxshilash hamda odamlarga munosib turmush sharoitini yaratish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Natijada Kelajak tongi tez orada eng obod mahallalardan biriga aylanadi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA