Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kelajak muhandislari” xalqaro festivali shartlari mukammallashtiriladi
14:19 / 2026-01-28

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan yoshlar, muhandislar va ixtisoslashgan mutaxassislar uchun “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan tanlovda g‘oliblarga 9 ta elektromobil, 9 nafar ishtirokchiga xorijiy ilmiy markazlarda amaliyot o‘tash imkoni hamda yana 9 nafar g‘olibga pul mukofotlari taqdim etilgan edi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali konsepsiyasi taqdimotida qayd etilishicha, “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali aprel oyida o‘tkaziladi. Joriy yilgi tadbir SHHT va MDH davlatlari yoshlari o‘rtasidagi olimpiadalar va tanlovlarni ham qamrab oladi. U yanada keng, serqirra va eng muhimi — yoshlar uchun manfaatli va foydali formatda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu safar shunchaki tanlov bilan cheklanilmaydi, yosh ixtirochilar o‘z loyihalarini rivojlantirishi uchun akseleratsiya dasturlari ham yo‘lga qo‘yiladi.

“Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasida 22 ta yo‘nalishda 39 ta musobaqa, jumladan 12 ta xalqaro darajadagi bellashuv tashkil etilib, 10 000 nafardan ortiq yosh jalb etilishi rejalashtirilmoqda.  

Qayd etilishicha, robotlar va dronlar musobaqalari o‘tgan yilgiga nisbatan yanada murakkab bo‘ladi. Masalan, avval dalalarni sug‘orish texnikalari ko‘rgazmada shunchaki  namoyish etilgan bo‘lsa, bu yil ular o‘rtasida amaliy bellashuv o‘tkaziladi. Dalani traktor yoki dron yordamida belgilangan muddat va shartlarda samarali sug‘orish bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi.

Suv inshootlarida ishlatiladigan robotlar uchun alohida musobaqa bo‘lib o‘tadi. Saralab olingan yoshlar amaliyotga yo‘naltirilgan ishlanmalar ustida ishlashni davom ettiradi. Bundan tashqari  talabalar tomonidan yaratilgan avtomobillar poygasi bo‘ladi. Shuningdek, gumanoid robotlar o‘rtasida ham bellashuvlar rejalashtirilgan. Raqamli texnologiyalar borasida ham eng ilg‘or chip-dizaynerlar aniqlanadi. O‘tgan yili bino va ko‘priklarning zilzilaga chidamliligini aniqlovchi uskunalar ko‘rgazmada katta qiziqish uyg‘otgan edi. Bu yil esa bino va ko‘prik maketlarining seysmik barqarorligi bo‘yicha musobaqa o‘tkaziladi.

Arxitektura yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida mahallalar uchun eng yaxshi qurilish loyihalari tanlovi bo‘lib o‘tadi. Bunda aholi uchun qulaylik, sifat va byudjet doirasida amalga oshirish mumkinligi asosiy mezon sifatida baholanadi. Texnika va ilmiy yo‘nalishlarda kontent tayyorlaydigan blogerlar uchun alohida trening dasturlari ham tashkil etiladi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan ishtirokchilar xorijda o‘tkaziladigan xalqaro texnofestivallarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Natijada texnoblogerlar jamoasi shakllanib, ular yoshlarni ilm-fanga qiziqtirishga xizmat qiladi. Mexanizmlar estafetasi, tibbiyot muhandisligi, yashil energetika va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar ham festival dasturidan o‘rin oladi.

Imkoniyati cheklangan yoshlar uchun maxsus bellashuvlar yo‘lga qo‘yiladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA