Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida yoshlarning intellektual, ijodiy va raqamli salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida “Barkamol avlod” bolalar maktablari o‘rnida tashkil etilgan “Kelajak” markazining faoliyati atroflicha o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida markazning moddiy-texnik bazasi, o‘quv jarayonlari va yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
O‘rganishlar jarayonida Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 27 fevralda imzolangan “Yoshlar siyosati va ularning salohiyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qaror mazmun-mohiyati tushuntirildi va unda belgilangan vazifalarni joylarda sifatli ijro etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 5 martdagi “Kelajak markazlari faoliyatini tashkil etish va boshqaruv tartibi to‘g‘risida” Nizomi asosida markazlar huquq va majburiyatlari, faoliyat yo‘nalishlari hamda boshqaruv mexanizmlari alohida ko‘rib chiqildi.

– Ilgarigi “Barkamol avlod” bolalar maktablari o‘rnida tashkil etilgan “Kelajak” markazida STEM, IT va dasturlash, robototexnika, sun’iy intellekt, xorijiy tillar, media savodxonlik, dizayn va sport yo‘nalishlarida keng imkoniyatlar taqdim etiladi, – deydi jarayonda ishtirok etgan Sirdaryo viloyati “Kelajak” markazi boshlig‘i Avaz Mamatov. – Bu yoshlarimizning mustaqil fikrlash va tashabbuskorlik qobiliyatini rivojlantirishga, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishga yordam beradi.

Nafaqat Mirzaobodda, balki Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida tashkil etilgan “Kelajak” markazlarida amaliy mashg‘ulotlar, mini-loyihalar va jamoaviy ish usullariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu esa yoshlarda mustaqil fikrlash va ijodiy yondashuvni rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘rganishlar davomida markaz rahbarlari moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘quv xonalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va yoshlarni markaz faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Muhokamada “Kelajak” markazlarining asosiy maqsadi yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish va ularni zamon talablariga mos, raqobatbardosh kadrlar sifatida tarbiyalash ekani alohida ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA