O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan haqiqiy lider yoshlar va yosh davlat fuqarolik xizmatchilari uchun Farg‘ona viloyatida “Kelajak liderlari” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Samarqand viloyatida tajriba-sinov tariqasida tashkil etilgan mazkur klub endilikda respublikamizning barcha hududlarida o‘z faoliyatini olib boradi. Klub a’zolari nomzodlar orasidan 4 bosqichli ochiq tanlov orqali saralanadi. Loyihaning birinchi bosqichida ishtirokchilarning hujjatlari ko‘rib chiqiladi. Keyingi ikkinchi bosqichda test sinovlari, uchinchi bosqichda esse (insho) yozish va to‘rtinchi bosqichda suhbat o‘tkazish orqali yuqori natijaga erishgan, munosib deb topilgan nomzodlar klub a’zoligiga qabul qilinadilar.
“Kelajak liderlari” klubini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – davlat xizmati uchun yangi avlod kadrlarini shakllantirish, yoshlarni, ayniqsa, yosh xotin-qizlarni davlat xizmatiga keng jalb qilish, salohiyatli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, ularda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirishdan iboratdir.
Ushbu tashabbus Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlatimiz rahbarining iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari - “Kelajak liderlari”ni shakllantirish bo‘yicha bergan takliflari asosida ilgari surilgan bo‘lib, unda 20 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan davlat fuqarolik xizmatchilari hamda talabalar ishtirok etishlari mumkin.

“Kelajak liderlari” klubi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Farg‘ona viloyati hokimining 2021 yil 17 iyul kungi “Farg‘ona viloyatida “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Shuningdek, klub a’zoligiga qabul qilish yuzasidan berilgan e’lon natijasida 650 nafardan ortiq yoshlar ushbu tanlovda ishtirok etish istagini bildirib, o‘z faoliyatlarini aks ettiruvchi tegishli hujjatlarni maxsus platforma orqali yuborishgan. Kelib tushgan hujjatlarni malaka talablariga mosligi o‘rganilib, nomzodlarning 254 nafari tanlovning ikkinchi test bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Farg‘ona politexnika institutida o‘tkazilgan test sinovlarida nomzodlarning 125 nafari belgilangan 56 va undan yuqori ball to‘plab, tanlovning uchinchi esse (insho) yozish bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.
-Tanlovning uchinchi bosqichida nomzodlar tomonidan “Xalqni sevadigan davlat xizmatchisi” mavzusida esselar yozildi. Ushbu tanlovlarning har bir bosqichlari shaffof va adolatli o‘tishi uchun onlayn translatsiya qilindi. Nomzodlar orasida tanlovning test va esse (insho) yozish bosqichlarida qo‘l va oyoqlaridan jarohat olishgan bo‘lsada, gips qilingan qo‘l va qo‘ltiq tayoqlarda faol ishtirok etgan yoshlarning borligini o‘zi farg‘onalik yoshlarning bugungi kunda davlat xizmatiga bo‘lgan qiziqishlari yuqoriligidan dalolatdir,- deydiDavlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filiali bosh inspektori Elmurodxon Madaminov.
“Kelajak liderlari” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi yoshlar siyosatining izchil davomi bo‘lib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashdan maqsad istiqbolli kadrlardan rahbarlik lavozimlariga zaxira shakllantirishdan iboratdir.
M. Sulaymonov, O‘zA