bugungi kunda yurtimizda yoshlarga mamlakat ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, davlatning strategik qatlami sifatida ishonch bildirilmoqda. Natijada yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar ertangi taraqqiyot sari qadam tashlamoqda.
“Toshkent yoshlar forumi – 2021” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Kelajak liderlari” I Respublika forumi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarning g‘oya va takliflarini eshitish va muhokama qilish uchun maydon yaratish, zamon qahramonlarini kashf etish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda mamlakatdagi yangilanishlarga faol jalb qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda respublikamizning barcha hududlaridan klub faoliyatida eng faol bo‘lgan 70 nafarga yaqin a’zolar ishtirok etdi.
Ma’lumki, 20 yoshga kirgan va 35 yoshdan oshmagan davlat fuqarolik xizmatchilari, talabalar orasidan Samarqand viloyatida ilk pilot sifatida 50 nafar yoshlardan iborat “Kelajak liderlari” klubi faoliyati muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Klub a’zoligi uchun 6 ming 246 nafar nomzod elektron hujjat topshirgan bo‘lib, belgilangan malaka talablariga ko‘ra, jami 3 ming 2 nafar nomzod saralab olindi. Ikkinchi, test bosqichida ishtirok etib, yuqori ball to‘plagan 1 ming 381 nafar nomzod “Xalqni sevadigan davlat xizmatchisi” mavzusida esse yozishdi. Nomzodning amaliy ko‘nikma va sifatlarini baholashga qaratilgan suhbat bosqichidan so‘ng 670 nafar klub a’zolari saralab olindi.
Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida jamoatchilik uchun tanlovning barcha bosqichlari Youtube platformasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilindi va jarayonni onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi.
Joriy yilning 24-28 avgust kunlari reja asosida barcha hududlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ishtirokida “Kelajak liderlari” klublarining tashkiliy yig‘ilishlari o‘tkazilib, klublar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular uchun 6 oyga mo‘ljallangan maxsus reja-jadval ishlab chiqildi.
bugungi kunda klub a’zolarining soni 670 nafardan ortiq bo‘lib, shundan 23 foizi yosh xotin-qizlar, 30 foizi oliy ta’lim muassasalari talaba yoshlari, 2 foizi ilmiy izlanuvchilar (doktorantlar), 40 foizi yosh davlat xizmatchilari, 20 foizi yosh rahbarlar, 8 foizini esa xususiy sektorda ishlovchilar tashkil qiladi.
O‘tgan qisqa vaqt davomida yosh liderlar tomonidan “Hokim bilan bir kun”, “Dublyor”, “Sektor rahbari bilan bir kun”, “Kitobxonlik”, “Lider kitobxon”, “Har oyda bitta maktab”, “100 kunda 10 ta kitob”, “Ozodalik-salomatlik garovi”, “Bir buyuk shaxsni kashf qil”, “English club”, “50 nafar yangi liderlarni kashf et”, “Salomatlik kuni”, “Mahalla raisiga dublyor”, “Notiqlik san’ati”, “Rahbar imiji”, “Kelajak liderlari kutubxonasi” kabi loyihalar tashkil qilindi. Shuningdek, yoshlar turli sohada muvaffaqiyatga erishgan davlat xizmatchilaridan maxsus saboqlar olishdi.

Liderlar “ilm.argos.uz” platformasi orqali o‘zlarining nazariy bilimlarini oshirib, tuman (shahar) viloyat hokimliklarida malaka oshirmoqda. Loyiha yo‘lga qo‘yilganiga qisqa vaqt bo‘lishiga qaramay 60 nafardan ortiq yosh liderlar yuqori lavozimga tayinlandi.
Respublika forumi doirasida “Kelajak liderlari” klubi hududiy forumlari tashkil etildi hamda ular orasidan loyihalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan, faol davlat xizmatchilari Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Respublika “Kelajak liderlari” forumiga taklif qilindi.
Forum davomida “Kelajak liderlari” klublari a’zolari uchun maxsus mahorat darslari tashkil etildi. Unda siyosatchilar, fan arboblari va yosh davlat xizmatchilarining ochiq muloqotlari tashkil etildi.
Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlari davomida yosh liderlar o‘zlarining startap loyihalarini yanada takomillashtirishdi va taqdimot qilishdi. Ochiq, do‘stona, samimiy ruhda o‘tgan muloqotlarda respublikaning barcha hududlaridan yig‘ilgan yosh davlat xizmatchilari o‘zaro tajriba almashishdi. Davlat fuqarolik xizmati sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarini bildirishdi.

Taqdimotlar yuzasidan savol-javob o‘tkazilib, fikr-mulohazalar va takliflar berildi. Forumning taqdirlash marosimida taqdim etilgan loyihalar orasidan ijobiy baholangan 3 ta taqdimot mualliflari va faol yoshlar taqdirlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu klub kelgusida davlat xizmati sohasida yosh kadrlarni bosqichma-bosqich tayyorlashi, yoshlar orasida davlat xizmati jozibardorligini oshirishda, salohiyatli yoshlar uchun sotsial lift vazifasini o‘tab, kelgusida xalqchil davlat xizmatini ko‘rsatadigan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot drayverlarini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA