Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelajak istiqboliga qaratilgan meros
17:22 / 2021-12-24

Poytaxtimizda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, atoqli olim, professor Yusuf Abdullayev, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining boshqaruvi raisi Firdavs Abduholiqov Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi asosida milliy merosimizni avaylash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Ta’kidlash kerakki, o‘z atrofida jahonning yetakchi davlatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 300 nafardan ortiq olim va tadqiqotchilarini birlashtirgan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati besh yildirki, nodir manbalarni tadqiq etish borasida faol tashabbuslarni ilgari surmoqda. Turli sabablarga ko‘ra, xorijga chiqib ketgan ilmiy-ma’rifiy merosimiz, qadimiy qo‘lyozmalar, qimmatli manbalarni o‘rganish borasida ilgari misli ko‘rilmagan amaliy ishlarga qo‘l urildi. Yevropa mamlakatlari, Rossiya, AQSH va boshqa ko‘plab olis yurtlardan merosimizga doir manbalarni kitob-albom holida chop etish bo‘yicha ulkan hajmdagi ishlar olib borilmoqda.

Hozirgacha milliy merosimizga doir o‘ttiz beshta yirik kitob-albom tayyorlanib, chop etildi. Bu qimmatli kitob-albom xorijdagi madaniy boyliklarga oid bilimlarni yanada kengaytirish imkonini berishi bilan qadrlidir. Shu bilan birga, milliy merosga oid yana 15 ta kitob-albom joriy yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Madaniy meros haftaligi doirasidagi yirik xalqaro kongress ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.

Aytish joizki, “O‘zbekiston madaniy merosi” loyihasi doirasida chet eldagi nashriyotlar, kutubxonalar, muzeylar, tadqiqot markazlari bilan uzviy hamkorlik olib borilmoqda. Uning doirasida arxeologik yodgorliklar, qadimiy va nodir qo‘lyozmalarni batafsil o‘rganish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Tadqiqotlar, kitoblar nashri, kataloglar tayyorlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Alohida e’tirof etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va g‘oyasi asosida boshlangan bu ibratli va savobli ishlar dunyo miqyosida yuksak e’tirof etilmoqda. Ma’rifiy loyiha olimlar, tarixchilar, san’atshunoslar, manbashunoslarning qiziqishiga tobora ko‘proq sazovor bo‘lmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan ta’sis etilgan “Kelajak uchun meros” mukofotining turli nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan olimlar, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, san’atshunoslar taqdirlandi.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA