Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelajak boshlandi, unda yashash naqadar zavqli
12:03 / 2025-06-20

Munosabat

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qurilayotgan yangi turar-joylar, yo‘llar va zamonaviy infratuzilmalar, avvalo, xalqimizning farovonligini ta’minlashga qaratilgan. Joriy yilning 18 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyati Parkent tumaniga tashrifi ham ana shunday keng ko‘lamli ishlar manzarasini yana bir bor yaqqol namoyon qildi. Mamlakatimizda islohotlar qay darajada chuqur va izchil tarzda xalq hayotiga kirib borayotganining yaqqol isboti bo‘ldi.

Ko‘p yillar mobaynida jamiyatimizda haqiqiy o‘zgarishlar faqat kelajakda bo‘ladi, degan tasavvur hukmron edi. Bugun esa to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, kelajak boshlandi. U aynan shu yerda va hozir, o‘z qo‘llarimiz bilan, o‘z yurtimizda barpo etilmoqda.

Ayniqsa, Parkentsoy bo‘yidagi turar-joy massivi loyihasi shunchaki 125 ta zamonaviy ko‘p qavatli uy, 5200 xonadon emas. Bu insonga yo‘naltirilgan, yangicha uslub va sifatdagi shahar muhitini yaratish demakdir. Eng muhimi, bu raqamlar ortida energiya tejamkorligi, ekologik qulaylik va ko‘p funksiyalilik turibdi. Uy tomlariga geokollektorlar o‘rnatilishi faqat rivojlangan mamlakatlarda uchraydigan innovatsiyalarning O‘zbekistonda ham amaliyotga joriy etilayotganining yaqqol namunasidir.

Agar insonning uyi yonida maktab, bog‘cha, park, sport maydonchasi, velosiped yo‘lagi va toza yo‘l bo‘lsa, u o‘zini hurmat qilingan, qadrlangan his qiladi. O‘zi yashab turgan muhitni asrashga va rivojlantirishga intiladi. Massiv o‘zida oila, tinchlik, xavfsizlik va mahalliy tadbirkorlikni mujassamlashtirgandek, go‘yo. 58 ta noturar binoda faoliyat yuritadigan biznes imkoniyatlar yuzlab ayollar, yoshlar, hunarmandlar va ustalar uchun o‘z tumanida ish boshlash, o‘zini namoyon qilish imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, 1 ming 200 gektar maydondagi tog‘-chang‘i kurorti butunlay yangi loyihadir Uning miqyosi va maqsadlari davlatimiz iqtisodiy strategiyasining puxta va yetukligidan dalolat beradi. Eng muhimi, bu loyiha aholi tomonidan “navbatdagi ko‘rgazma” deb qabul qilinmoqda. Aksincha, odamlar unda ish, barqarorlik va farzandlarini, nabiralarini katta shaharlardan qaytarish imkonini ko‘ryapti.

Qishloq uylarida tashkil etilayotgan mehmonxona va mehmon uylari esa faqatgina turistik infratuzilmaning bir qismi bo‘lib qolmay, balki oilalar uchun haqiqiy tayanchga aylanmoqda. Bu yerda ayollar, keksa avlod, yoshlar o‘z o‘rnini topmoqda. Prezidentimiz Kumushkon qishlog‘idagi oddiy mehmon uyi egasi bilan uchrashgani tashrifning eng samimiyatga to‘la lahzalaridan biri bo‘ldi. U kishi ko‘zlari namlangan holda shunday dedi: “Prezident mening uyimga kirib keladi, – deb xayolimga ham kelmagandi. Demak, qilgan ishlarimiz bejiz emas ekan. Demak, bu – kerakli mehnat ekan.” Bunday lahzalar statistikaga kirmaydi, lekin aynan shunday voqealar odamlar qalbida g‘urur, hurmat va kelajakka ishonchni paydo qiladi.

Bugun Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar shunchaki loyiha va qurilish emas, balki katta, puxta o‘ylangan strategiyaning bir qismiga aylanib ulgurgani juda quvonchli. Bu strategiyaning mohiyati esa oddiy va tushunarli u ham bo‘lsa, oilani qo‘llab-quvvatlash, hududlarni rivojlantirish, halol mehnat qilib yashash, farzandlarni tarbiyalash va o‘z yurtida kerakli, qadrli insonga aylanish imkoniyatidir.

Biz shunchaki binolar yoki turistik majmualar emas, balki kelajakni barpo etyapmiz. Yorug‘, barqaror va o‘zimizniki bo‘lgan kelajak. Shunday kelajakki, unda yashashni istaysan!

Viktor Pak,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA.