Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi muvaffaqiyatli yakunlandi
19:42 / 2025-09-19

Toshkent shahrida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasining yakuniy milliy seminari bo‘lib o‘tdi.

Besh yil davom etgan ushbu loyiha O‘zbekistonning iqlimga mos qishloq xo‘jaligi sari dadil qadam tashlaganini ko‘rsatdi. Loyiha 2020 yildan buyon mamlakatimizda barqaror issiqxona sabzavotchiligini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shgan.

Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi 60 dan ziyod tomorqa xo‘jaliklari bevosita qo‘llab-quvvatlandi. Ta’kidlash joizki, benefitsiarlarning 65 foizini ayollar tashkil etdi.

Loyiha doirasida issiqxonalarni modernizatsiya qilish, sifatli ko‘chatlar, tomchilatib sug‘orish tizimlari va o‘g‘itlar bilan ta’minlash, shuningdek, iqlim nazorati, changlatish, o‘simliklarni oziqlantirish va zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan kurash amaliyotlarini o‘zlashtirishda yordam ko‘rsatildi.  

Yakuniy natijaga ko‘ra, 900 dan ko‘p dala tashriflari, 20 dan ortiq trening mashg‘ulotlari va 12 ta tematik o‘quv moduli orqali 300 dan ziyod dehqonlar, yoshlar, davlat idoralari va xususiy sektor vakillari bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. Bundan tashqari, arilar yordamida changlatish, raqamli monitoring vositalari, urug‘ va ko‘chat yetishtirish, hosil yig‘ib olingandan keyingi ilg‘or qayta ishlash texnologiyalari joriy qilindi.  

FAOning O‘zAga ma’lum qilishicha, tomorqa yer egalarida hosildorlik 55–76 foizga oshgan, daromad esa 159 foizgacha ko‘tarilgan. Loyiha, shuningdek, O‘zbekistonda kichik issiqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha Milliy strategiya ishlab chiqilishiga turtki bo‘ldi. 

– Aqlli dehqonchilik endi uzoqdagi orzu emas – u aynan bugun O‘zbekistonda amalga oshmoqda, – dedi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuhurov. – Ushbu loyiha shuni isbotladiki, zamonaviy texnologiyalar, hamkorlik va kompleks yondashuv orqali hosildorlikni oshirish, atrof-muhitni asrash va qishloq oilalari farovonligini yaxshilashimiz mumkin.  

Eng muhimi, strategiya issiqxona infratuzilmasini yaxshilash, iqlimga chidamlilikni oshirish, maslahat xizmatlarini kuchaytirish, ayollar va yoshlar uchun arzon moliyaviy resurslardan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilab berdi.

– Loyiha jamoasi va benefitsiarlar ushbu loyihaning sezilarli natijalarga erishishishida muhim rol o‘ynadi, – dedi FAO yetakchi texnik xodimi Leone Magliocchetti Lombi. – Endilikda bu yutuqlar Osiyo taraqqiyot banki moliyaviy ko‘magida Baxmal tumanida ham olib boriladi.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri