2025 yil 15 may kuni Prezidentimiz raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’limning barcha bosqichlariga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, yoshlar tarbiyasi va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
– Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularni madaniy, ma’rifiy va sport tadbirlariga faol jalb qilish maqsadida amalga oshirilgan “Dolzarb 90 kun” dasturi muhim ahamiyat kasb etdi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vazirligining ta’lim muassasalarida tarbiya ishlarini muvofiqlashtirish va maktabdan tashqari ta’limni tashkil etish sho‘’basi bosh mutaxassisi Nurjamila Reymova. –Ushbu dastur yoshlarda ijtimoiy faollikni oshirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, madaniy-ma’naviy saviyasini yuksaltirishga xizmat qildi.

Belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarning yozgi ta’til davrini mazmunli va samarali tashkil etish, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni kengaytirish, maktab o‘quvchilarining bandligini ta’minlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, barcha shahar va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari tomonidan ijrosi ta’minlandi.

Jumladan, dastur doirasida 1 iyundan 30 avgustgacha maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 726 ta umumta’lim maktabida 363 ming 532 nafar o‘quvchidan 24 ming nafardan ziyodi 11-sinfni bitirib, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi.
150 ming nafardan ortig‘i yoz mavsumida turli tadbirlar va dam olish maskanlariga jalb etildi. Xususan, 11 ta statsionar dam olish markazida 7 ming 140 nafar, 69 ta bolalar sog‘lomlashtirish maydonchasida 16 ming 750 nafar o‘quvchi dam oldi. Bundan tashqari, 30 ming nafardan ortiq o‘quvchi sport va umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi seksiyalarga jalb etildi. Orolbo‘yidagi 18 ta "Barkamol avlod" bolalar maktabida 25 ming nafardan ortiq o‘quvchi turli to‘garaklarga, 80 ming nafarga yaqin o‘quvchi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan fan va ijodiy to‘garaklarga qamrab olindi.

Shuningdek, har hafta davomida sayohatlar, uchrashuvlar, madaniy tadbirlar tashkil etilib, ularga ota-onalar ham taklif etildi. Maktablarda o‘quvchilar o‘z qo‘llari bilan yaratgan ishlanmalarning ko‘rgazmalari tashkil etildi.
“Dolzarb 90 kun” dasturi 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayram tadbiri bilan boshlanib, “O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami" va "Bilimlar kuni" tadbirlari bilan muvaffaqiyatli yakunlandi. Mazkur dastur yozgi ta’tilda nafaqat dam olish, balki o‘quvchi-yoshlar uchun o‘sish, o‘rganish, rivojlanish va yangi imkoniyatlar sari yo‘l bo‘lib, bu tashabbus kelajak avlodning sog‘lom, bilimli va faol bo‘lib ulg‘ayishi uchun muhim poydevor bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri