Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelajak aniq va ishonchli ma’lumotlardan boshlanadi
17:49 / 2026-01-13

Namangan viloyati statistika boshqarmasida ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i Sanjarbek Melixo‘jayev ta’kidlab o‘tganidek, Prezidentimizning 2025 yil 19 sentyabrdagi “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan voqea – aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. 

Mazkur muhim jarayon 2026 yilning 15 yanvaridan 28 fevraliga qadar bo‘lgan davrda ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda fuqarolar census.stat.uz portali orqali “OneID” yoki JSHSHIR yordamida mustaqil ravishda onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Keyingi bosqichda esa, “Mahalla yettiligi” a’zolari hamda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan ro‘yxatga oluvchilar tomonidan uyma-uy yurib, ma’lumotlar to‘planadi va aniqlashtiriladi. 

Ro‘yxatga olishdan maqsad respublikamizning demografik va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirishdir. Yurtimizda so‘nggi bor bunday umummilliy ro‘yxatga olish o‘ttiz olti yil muqaddam, ya’ni 1989 yilda bo‘lib o‘tgan. Oradan o‘nlab yillar o‘tib, aholi soni oshdi, hayot tarzi o‘zgardi, qishloq xo‘jaligi yangi bosqichga chiqdi. 

Aholini ro‘yxatga olish orqali mamlakatimizda yashovchi har bir insonning demografik holati, yashash sharoiti, ta’lim darajasi, mehnat faoliyati va ijtimoiy ehtiyojlari bo‘yicha ishonchli va yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Ushbu ma’lumotlar kelgusida davlat dasturlari, ijtimoiy infratuzilma va hududiy rivojlanish rejalarini ishlab chiqishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. 

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish doirasida esa yerdan foydalanish holati, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyati, chorva va parrandachilik resurslari hamda agrar infratuzilma haqida aniq ma’lumotlar to‘planadi. Bu davlatga agrar sohada ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi. 

Viloyat statistika boshqarmasi maxsus shtabi mutasaddilari qayd etganidek, hozirgi vaqtda bizga yangilangan, aniq va to‘liq ma’lumotlar zarur. Chunki, aynan shu ma’lumotlar asosida yangi maktablar, ish o‘rinlari, ijtimoiy loyihalar va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash dasturlari rejalashtiriladi. 

Ro‘yxatga olish ikki muhim yo‘nalishni qamrab oladi: birinchisi – aholi hayoti, ta’limi, bandligi va migratsiyasi, ikkinchisi – yerlar, chorvachilik va parrandachilik holati. Bu oddiy savollar emas. Bu – sizning hayotingiz, oilangiz va kelajagingiz haqida. Har bir ishtirok – bu taraqqiyotga qo‘shilgan hissa. Har bir javob – ertangi farovonlik uchun poydevor. 

Ayni paytda 3 million 177 ming aholiga ega bo‘lgan Namangan viloyatida ushbu foydali tadbirga tayyorgarlik ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda. Jarayonlarni samarali hozirlash maqsadida turli mutaxassislardan iborat shtab va uning huzurida, “Koll-markaz” tashkil etilgan. Shuningdek, mahallalar kesimida mas’ullar guruhi tuzilgan. Fuqarolar savollariga tezkorlik bilan javob qaytarish xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan. 

Viloyatdagi mavjud 754 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “yettilik” xodimlari uchun maxsus o‘quv-seminarlari o‘tkazilib, mashg‘ulotlarda ro‘yxatga olish jarayonining huquqiy, tashkiliy va metodik jihatlari keng tushuntirildi. Aholining xabardorligini oshirish maqsadida bannerlar, bukletlar, markaziy ko‘chalarga o‘rnatilgan “LED” monitorlarda videoroliklar, bozorlarda audio e’lonlar, jamoat transportlarida targ‘ibot materiallari yoritilmoqda. 

Shuningdek, taniqli san’atkorlar, sportchilar va jamoat arboblari ishtirokida videochiqishlar tayyorlanib, ro‘yxatga olish ahamiyati keng jamoatchilikka yetkazilmoqda. Onlayn ro‘yxatdan o‘tishda faol qatnashgan fuqarolar va tashkilotlar rag‘batlantiriladi. Muxtasar aytganda, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bu har bir fuqaroning mamlakat kelajagiga qo‘shayotgan katta hissasidir. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.