Jamiyatimiz hayotida keskin o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. O‘zbekiston jahon hamjamiyatiga ochildi, jahon hamjamiyati esa O‘zbekistonni yangidan kashf etmoqda. Barcha jabhalarda – iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy va madaniy hayotda tub islohotlar boshlanib ketdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari faollari va yoshlari ishtirokida mamlakatimizda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan muhim siyosiy jarayon – “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumiga bag‘ishlangan “Biz kelajagimizga befarq emasmiz” nomli ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.
Bosh qomusimiz jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini e’tirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi. Aynan shu sababli Konstitutsiyamizni ehtirom bilan ulug‘lashimiz, har tomonlama o‘rganishimiz, unga izchil amal qilishimiz, Asosiy qonunimizda mujassam bo‘lgan ajdodlarimizning buyuk merosi va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz qalbiga singdirishimiz zarur.
Ma’lumki, 2023 yil 7 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishida yangilanayotgan Konstitutsiyamiz loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani, takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olgani qayd etildi. Shu ma’noda yangilanayotgan Konstitutsiya tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotgani e’tirof etildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda. Konstitutsiyaning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni amaldagi Konstitutsiya 65 foizga yangilanmoqda.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov bugun yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kafilligi ostida 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandlaridek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotaginini qayd etdi.
— Mustaqillik yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha xalqlar vakillari, millat va elatlar uchun, avvalo, o‘zligini anglash, insoniy qadr-qimmat, urf-odat va qadriyatlarni tiklash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash kabi beqiyos imkoniyatlarni ochib berdi, – dedi qo‘mita rahbari Rustambek Qurbonov. – Bular Konstitutsiyamizda mustahkamlangan fuqarolarning irqi, millati, tili, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar qonun oldida tengligi prinsiplari hamda turli millatlar va elatlar vakillarining tili, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, ularni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga asoslanadi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azamat Toshev har qanday Konstitutsiya hayotiy bo‘lishi lozim, ya’ni u mamlakatning ijtimoiy va huquqiy voqeliklariga, xalqning orzu-umidlari va kelajak istiqboliga, xususan, zamon talabiga mos kelishi kerakligini ta’kidladi. Zero, bugungi kunda nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyati, xorijiy olimlar va ekspertlar ham yangilanayotgan Konstitutsiyamizning asosiy muallifi va ijodkori tom ma’noda O‘zbekiston xalqi ekanini alohida e’tirof etmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan milliy madaniy markaz vakillari bugungi kunda aholi, ayniqsa yoshlar fikru ongida, qalbida Konstitutsiyamizga nisbatan hurmat, daxldorlik, unda belgilangan me’yorlarga amal qilishda mas’uliyat tuyg‘usini yanada kuchaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Konstitutsiyamiz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish va rivojlantirish, ta’lim, fan, madaniyat, ma’rifat hamda ma’naviyatning ravnaq topishida mustahkam huquqiy asos sifatida xizmat qilayotganini ta’kidlab, barcha tadbir ishtirokchilarini mamlakatimizda shu yil 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdilar.
N.Usmonova, O‘zA