Kelajagimiz egalari uchun Mustaqillik darslari
Mamlakatimizdagi barcha ta’lim maskanlarida 2-sentabr kuni birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangrab, Mustaqillik darslari bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimizdagi barcha ta’lim maskanlarida 2-sentabr kuni birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangrab, Mustaqillik darslari bo‘lib o‘tdi
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim-tarbiya, kasb-hunar o‘rgatish tizimlari tubdan isloh qilindi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi asosida mamlakatimizdagi barcha maktablarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi, yuzlab yangi maktablar bunyod etildi.
Birgina 2015-yilgi investitsiya dasturiga muvofiq 384 maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shundan 29 bilim maskani yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, qolgan maktablarda rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Ushbu ezgu maqsadlarga jami 341,8 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘g‘il-qizlarga bilim maskaniga ilk bor qadam qo‘ygandanoq xorijiy tillar o‘qitilmoqda. Joriy o‘quv yilida birinchi sinfga qabul qilinadigan o‘quvchilar uchun jami 641,3 ming nusxa chet tili darsligi, ikkinchi sinflarga 591,9 ming darslik va mashq daftari, uchinchi sinflar uchun 593 ming darslik va mashq daftari, o‘qituvchilar uchun 62,6 ming nusxa metodik qo‘llanma va multimedia ilovalari chop etilib, maktablarga yetkazildi. Bu ertamiz egalarining xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirib, puxta bilim olishiga zamin yaratadi.
Istiqlol yillarida 1500 dan ortiq kollej va litseylar barpo etildi. Shaharu chekka qishloqlarda qad rostlagan ana shunday ta’lim dargohlarida bugun yoshlarimiz zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, kasb-hunarga ega bo‘lish bilan birga, komputer va axborot texnologiyalarini, xorijiy tillarni ham puxta o‘rganmoqda.
Prezidentimiz 2014-yil 15-16-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida mehmonlarga qarata “Men sizlarning ana shu litsey va kollejlarni – bu Samarqandda bo‘ladimi, Toshkentda bo‘ladimi, olis shahar va tumanlarda bo‘ladimi – ana shu o‘quv yurtlarini albatta borib ko‘rishingizni istardim. Bu kollejlar eng yuksak zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan va barcha jihozlar bilan ta’minlangan... Ilgari xorijlik mehmonlarga ekzotika namunalarini ko‘rsatardik. Bugun esa ularga bolalarimiz qanday o‘qiyotgani, ularga qanday zamonaviy sharoitlarda bilim berayotganimizni, qanday avlod voyaga yetayotganini ko‘ring, deymiz” deya faxr bilan so‘zladi.
Bugun yoshlar litsey va kollejlarni tamomlagach, oliy o‘quv yurtlariga kirish, tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha ta’limni davom ettirish uchun barcha shart-sharoitga ega.
Davlatimiz rahbarining qarori bilan tasdiqlangan 2011-2016-yillarga mo‘ljallangan oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash dasturi mamlakatimiz ta’lim tizimini yanada rivojlantirishning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Dasturga muvofiq oliy o‘quv yurtlari binolari yangidan qurilmoqda yoki rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlanmoqda.
Ziyo maskanlarida kelajagimiz vorislarining ongu qalbi ezgu axloqiy fazilatlar, Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga sadoqat, milliy urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat kabi insoniy tuyg‘ular bilan boyitilmoqda.
Yangi o‘quv yilining birinchi kuni mamlakatimizdagi barcha ta’lim maskanlarida Mustaqillik darslari o‘tkazilib, endigina maktab ostonasini hatlagan jajji kichkintoylardan tortib talabalik atalmish oltin davrga qadam qo‘ygan yoshlarning ma’naviy tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mustaqillik darslari samaradorligini ta’minlash maqsadida o‘n mingdan ortiq malakali professor-o‘qituvchi, taniqli olimlar, soha mutaxassislari jalb qilindi. Ushbu darslarda Mustaqillik atalmish buyuk ne’mat xalqimiz uchun milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni tiklash, urf-odat va an’analarimizni, buyuk ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ulug‘lash, sog‘lom va barkamol yangi avlodni shakllantirish bo‘yicha ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan beqiyos imkoniyatlar ochib berganini yosh avlod shuuriga ta’sirchan uslub va shakllarda yetkazish, ularning qadr-qimmatini chuqur anglatishga alohida e’tibor qaratildi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi informatika kasb-hunar kollejida tashkil etilgan Mustaqillik darslarida ham o‘quvchilarning bilim va tafakkuri yanada boyidi, ongu qalbida Vatan, xalq, milliy istiqlol g‘oyasiga sadoqat, tashabbuskorlik, ertangi kunga ishonch, do‘stlik, hamjihatlik kabi ulug‘vor tuyg‘ular yanada yuksaldi.
“Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida “Biz kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” mavzusida o‘tkazilgan darslarda o‘quvchilarga istiqlol yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlarning mohiyati, ular tufayli iqtisodiyotimiz salohiyati va qudrati kun sayin yuksalib borayotgani, erishilgan yutuq va marralarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotgani, yurtimizdagi tinch-osuda hayot, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhitining barqarorligi aniq misollar bilan batafsil tushuntirildi.
Prezidentimiz Islom Karimovning “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimidagi nutqi, “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobi, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zida ilgari surilgan g‘oyalar, fakt va raqamlar alohida ta’kidlandi.
– Mustaqillik darsida Prezidentimizning yangi kitobi haqidagi fikrlar bilan tanishib, qalbim cheksiz faxr-iftixorga to‘ldi, – deydi kollej o‘quvchisi Sitora Tursunboyeva. – Yurtboshimizning xalqimizning buguni va ertangi kuni uchun qayg‘urib, kuyunchaklik bilan bildirgan fikrlari, teran qiyosiy-tahliliy mushohadalari har bir vatandoshimizning, ayniqsa, yoshlarning ongu qalbida ana shunday aks sado berishi shubhasiz.
Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 144-umumta’lim maktabida ham yangi o‘quv yili tantanali tadbir bilan boshlandi. Ta’lim maskaniga Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati vakillari, mahallalar faollari, ota-onalar taklif etildi.
O‘quvchi-yoshlar ona diyorimiz, istiqlolimiz, tinch-osoyishta, to‘kin va farovon hayotimiz, navqiron avlod kelajagi yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarni tarannum etuvchi she’r va qo‘shiqlarni ijro etdi. Ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etayotgan, izlanuvchan, fidoyi o‘qituvchilar va faol o‘quvchilarga faxriy yorliqlar topshirildi. Birinchi sinfga qadam qo‘ygan 234 kichkintoyga Prezident sovg‘asi berilishi tadbirga o‘zgacha zavq-shavq bag‘ishladi.
– Bugungi murakkab globallashuv sharoitida insonni kamolotga chorlaydigan ezgu ta’limotlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda, – deydi maktab direktori Nilufar Husanboyeva. – Mustaqillik darslarida o‘quvchilarga o‘zligimizni anglatishga, buyuk ajdodlarimizdan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytirishga, ularning o‘tmishimiz va bugungi kunimizni qiyoslab, “Biz kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan savolga javob topishiga, mustaqil fikri va qat’iy fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda barcha sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ma’no-mazmuni, tanlagan taraqqiyot yo‘limiz, yangi demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurish borasida erishayotgan yutuq va marralarimizning mohiyati va ahamiyatini yoshlarga chuqur singdirishga qaratilgan saboqlar ma’naviyat targ‘ibotchilari va soha mutaxassislari ishtirokida ta’lim muassasalarida tashkil qilinadigan Ma’naviyat soatlarida davom etadi.
Joriy yilda mamlakatimizdagi umumta’lim maktablarining birinchi sinfiga 631 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz qabul qilindi. O‘quv yilining dastlabki kunida ularga an’anaga ko‘ra 12 nomdagi o‘quv anjomi, darsliklar hamda o‘quvchi sumkasidan iborat Prezidentimiz sovg‘alari tantanali topshirildi.