French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelajagimiz dargʻalari haqida oʻylar...
19:05 / 2019-08-24

Maktab. Hammamiz uchun qadrdon boʻlgan bu kalom aytilganida bolalik yillarimiz yodimizga kelaveradi.

Munosabat

Maktab. Hammamiz uchun qadrdon boʻlgan bu kalom aytilganida bolalik yillarimiz yodimizga kelaveradi. Bolalik yodi, ilk bor kichkinagina jussamizga mos boʻlgan sumkani kitob-daftar, ruchka-qalamlar bilan toʻldirib, yelkamizga ortgancha maktabga borgan kunlarimiz, oʻqituvchilarimiz peshvoz chiqib, birinchi sinf xonasiga yetaklab kirgan daqiqalar, undan keyin birinchi qoʻngʻiroq tantanalari-yu, birinchi darsimiz, birinchi oʻqituvchimiz... Bularning barchasi umrning keyingi bosqichlaridagi taassurotlardan ham zalvorliroq.

Ayniqsa, boshlangʻich sinf muallimimizning nurli chehrasi, bizning bolalarcha tasavvurimizda dunyodagi eng yirik, eng salobatli, bilimdon inson koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Maktabni eslasak, albatta, bolalik ummoniga shoʻngʻib ketamiz va shundan koʻnglimiz orom topadi.

Bu bejiz emas. Osmonoʻpar binolarning koʻrku salobatida poydevorning oʻrni qanchalik muhim boʻlganidek, inson hayoti va faoliyatida maktabning ahamiyati ham shunchalik muhim va qimmatlidir. Ana shu qimmatli maskan har bir insonning, har birimizning taqdirimiz bilan chambarchas bogʻliq. Shuning uchun ham maktab haqida aytilgan har bir soʻz yurakka yaqin boradi. Har safar ommaviy axborot vositalari orqali maktab haqida gap borsa, qulogʻimiz bilangina emas, yuragimiz bilan eshitamiz, tinglaymiz.

Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi haqidagi axborotni ham yuragimiz bilan eshitdik.

Prezidentimiz kuyunchaklik bilan maktab taʼlimidagi muammolarni sanab, maktab taʼlimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanishi zarurligini taʼkidladi. Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktabdir” degan fikrini alohida taʼkidlab, bu masalaning mohiyati va ahamiyatiga atroflicha toʻxtaldi. Bu borada oldimizda turgan vazifalarni belgilab berdi.

Ochigʻi, mana uch yildirki, davlatimiz rahbari yurtimizda mamlakat taʼlim-tarbiya tizimiga alohida eʼtibor qaratib, farzandlarimizni aynan bolaligidan maktabgacha taʼlim muassasalari va umumiy oʻrta maktablarga toʻliq qamrab, zamonaviy innovatsion va kreativ fikrlaydigan, milliy manfaatlarimizga mos keladigan darajada tayyorlash, ularni ruhan kuchli, maʼnan barkamol, vatanparvar va jasur yigit-qizlar boʻlishini taʼminlash, yuksak maʼnaviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda taʼlim tizimini takomillashtirish choralarini koʻrmoqda.

Uyma-uy, dalama-dala yurib, xalqning ichiga, aniqrogʻi qalbiga kirib borgan davlatimiz rahbari xalq taʼlimi tizimidagi muammolarni oʻrganib, hozirga qadar sohaga oid 6 ta farmon va qaror koʻrinishidagi normativ-huquqiy hujjatlarni imzoladi. Ular asosida Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilinib, amaliy chora-tadbirlar belgilandi va ularning ijrosi taʼminlanmoqda. Eng muhimi, ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab taʼlim tizimi tiklandi. Bugungi kunda xalq taʼlimi tizimi, umumiy oʻrta maktab taʼlimi tizimli ravishda isloh qilinmoqda.

Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida xalq taʼlimi tizimini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oʻquv-tarbiya jarayonida taʼlimning innovatsion shakllari va usullarini keng qoʻllash masalalari ilgari surildi. Prezidentning 2019-yil 29-apreldagi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.

Shu tariqa, bugungi kunda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, iqtidorli bolalarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning huquqiy ong va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirishga xalq taʼlimi sohasidagi davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.

Maʼlumki, mamlakatning kelgusidagi jadal taraqqiyotida yosh isteʼdodlar muhim oʻrin tutadi. Shuni eʼtiborga olgan Prezidentimiz iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga juda katta eʼtibor qaratmoqda. Buni bugun hammada qiziqish uygʻotayotgan Mirzo Ulugʻbek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Isʼhoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, “Temurbeklar maktabi”, Prezident maktablari misolida koʻrish mumkin. Ana shu maqsadlarda soʻnggi uch yilda yurtimizda 157 ta umumtaʼlim maktabi yangidan qurildi. Yangi va zamonaviy namunadagi bu kabi taʼlim dargohlari bolalarimizni oʻz bagʻriga olib, ularning quvonchiga- quvonch qoʻshmoqda.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, pedagog xodimlar mehnatini ragʻbatlantirish masalalariga kunning dolzarb masalasi sifatida qaralmoqda. Pirovardida, oʻqituvchilarning ish haqi oʻrtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog-kadrlar mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida ularga 50 foizgacha qoʻshimcha oylik ustamalar toʻlanmoqda.

Kechadan buyon oʻqituvchilarimizning koʻngli koʻksiga sigʻmay borayapti. Vaholanki, Prezidentimizning “Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz. Maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablagʻni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bogʻliq”, degan soʻzlari taʼlim jonkuyarlari, butun xalqimiz koʻnglidagi gap boʻldi.

Ota-bobolarimiz har doim ham farzand taʼlim-tarbiyasiga ertaga qoldirib boʻlmaydigan masala sifatida qarab kelgan. Donishmandlarimiz, tarbiya tugʻilganidan boshlanadigan va kechiktirib boʻlmaydigan jarayon, deb bejiz aytishmagan. Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” deb, xalqimizni bu borada eʼtiborli boʻlishga chaqirganida ham maʼno koʻp. Davlatimiz rahbari ana shunday milliy qarashlarimizni inobatga olgan holda, sohani tubdan isloh qilish choralarini koʻrmoqda.

Albatta, oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, xalq taʼlimi tizimida qilishimiz zarur boʻlgan ishlar koʻp. Bugun biz taʼlim tizimidagi barcha muammolar hal qilindi, deyishdan yiroqmiz. Asosiysi, taʼlim tizimida mavjud boʻlgan barcha muammolar tizimli ravishda, bosqichma-bosqich hal qilinishiga eʼtibor qaratishimiz zarur. Yaqin-yaqingacha oʻqituvchi va oʻquvchilar qishloq xoʻjaligida, obodonlashtirish ishlarida asosiy kuch edilar. Bugungi kunda bolalar mehnatiga butunlay barham berildi. Ularning asosiy vazifasi oʻqish ekanligi va ular asosiy vaqtini oʻqishga qaratish zarurligi belgilandi. Lekin, taʼlim sohasida hali yechimini kutayotgan muammolarimiz talaygina. Eng avvalo, bu sohada korrupsiyani butkul yoʻqotish kerak. Hali ham ayrim hududlarda kadrlar muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Darsliklar sifatiga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash zarur.

Davlatimiz rahbari ana shular haqida toʻxtalib, taʼlim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, oʻqitish metodlari, taʼlim standartlari, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda ilgʻor xorijiy tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy anʼana va qadriyatlarga suyanish muhimligini qayd etdi. Bu, albatta, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi oldiga ham katta vazifalar yuklaydi.

Biz oʻz elektoratimiz vakillari pedagog-oʻqituvchilarimiz hamda deputatlik korpuslarimiz bilan mavjud muammo va masalalar yechimida faol ishtirok etishimiz, Prezidentimiz olib borayotgan islohotlar ijrosiga daxldorlik hissi bilan qarashimiz zarur. Zero, kelajagimiz dargʻalarini tayyorlaydigan maktab – bu hayot-mamot, kelajak masalasi. Butun jamiyatning ishi. Unga xizmat qilish esa barchamizning burchimizdir,

Abdukamol Rahmonov,
Oʻzbekiston “Adolat” SDP
siyosiy kengashi raisi oʻrinbosari