French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelajagi oydin onlarga limmo-lim yurt
22:00 / 2022-06-07

Turkiyadan maktub

Oʻzbek xalqi hayotida sport muhim oʻrin tutadi. Oʻzbekistonlik sportchilar anʼanaviy va tarixiy sport turlari bilan bir qatorda Olimpiya oʻyinlarida ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Bu zamindan yuzlab Olimpiya va jahon chempionlari yetishib chiqayotgani mamlakatning nafaqat turkiy ellar, balki jahon hamjamiyatidagi oʻrni ne chogʻli baland ekanidan dalolat.

Ota makon - Oʻzbekistonga ikki haftalik safarim davomida Xiva, Buxoro, Toshkent va poytaxt viloyatining koʻplab sport majmualarida, dam olish maskanlarida boʻldim. Odamlar bilan suhbatlashdim. Ular buyuk orzu-istaklar bilan yashayotganidan koʻnglim togʻdek koʻtarildi.

Yana bir jihatga toʻxtalishim joiz: oʻzbeklar sportni sevishi, nafaqat sevishi, balki jismoniy tarbiyaga alohida ahamiyat berishini koʻrdim. Ushbu talabga mos ravishda sport inshootlari qulay, amaliy va samarador ishlarkan.

Eng muhimi, sportga qiziquvchilar, asosan, yoshlar. Koʻcha va xiyobonlarda farzandini yetaklab, koʻtarib yurgan koʻplab yosh oilalarni, onalarni tez-tez uchratdim. Shunday damlarda dilimdan, «bogʻida farzandi oʻynamagan, koʻchasida jajji oʻgʻil-qiz kulgisi yangramagan mamlakatning kelajagi qorongʻu», degan oʻy oʻtdi. Shukur, ota makonimizning ertasi yorugʻ, istiqboli porloq. Holbuki, Oʻzbekiston bogʻlarida oʻynayotgan, koʻchalarida sayr etayotgan bolalar shu yurtning ertasi oydin damlarga limmo-limligi darakchilari.

Bu - Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining eng muhim kafolati.

Oʻzbekiston Muhammadqodir Abdullayev, Mirjalol Qosimov, Akbar Joʻrayev, Ruslan Nuriddinov, Eldor Shomurodov, Ulugʻbek Rashitov, Bahodir Jalolov, Fazliddin Gʻayibnazarov, Shahobidin Zoirov, Hasanboy Doʻsmatov, Abdulla Tangriyev, Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov singari yuzlab dunyo tanigan, tan olgan sportchilari bilan jahon maydonida oʻz oʻrniga, sobitligiga ega yurt.

Mening “Turk dunyosida umumiy sport” nomli kitobimga toʻkilgan Oʻzbekiston sportining yorqin tarixi, boy milliy oʻyinlari, ayniqsa, davlat bayrogʻi tovlanishiga hamohang dunyo sporti maqomiga koʻtarilgan kurashi toʻgʻrisidagi bitiklarim ham shu oʻlkaga, shu buyuk xalqqa ehtiromim, hurmatim ramzidir.

Safarim yakunida kamina vazir oʻrinbosari Shahrillo Mahmudov bilan uchrashdim. Biz mamlakat sporti rivoji haqida suhbatlashdik. Ikki davlat oʻrtasida sohaviy hamkorlikni, birgalikdagi saʼy-harakatlarni kengaytirish zarurligiga toʻxtaldik, shu yil avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida oʻtadigan V Islom oʻyinlari xususida fikrlashdik.

Yurtimga qaytiboq, qarashlarimiz, maqsadlarimiz mushtarak ekanligi, qalbimda Oʻzbekistonga muhabbat cheksizligi ramzi sifatida ushbu maktubni bitib, samimiy dil izhorimni OʻzAning yuksak minbari orqali butun mamlakat ahliga yoʻllashni ixtiyor etdim.

Ehtirom bilan,

Yevroosiyo madaniyat va sport ittifoqi prezidenti

Ahmet TUZUN