Xitoylik olimlar inson organizmidagi yoshga oid o‘zgarishlarni sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan yangi preparatni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Tadqiqot natijalari qarishga qarshi kurashda butunlay yangi davr boshlanishidan darak beradi.
Senesent hujayralarga qarshi kurash
Yangi dori immun tizimini faollashtirib, bo‘linish qobiliyatini yo‘qotgan, ammo organizmda to‘planishda davom etadigan senesent hujayralarni nishonga oladi va yo‘q qiladi. Tajribada olimlar qarishga chidamli tarzda genetik modifikatsiya qilingan ildiz hujayralarini yuborishgan. Natijada sinov ishtirokchilarida yoshartiruvchi ta’sirlar kuzatildi.
Inson va hayvonlarda dastlabki natijalar
12 hafta davom etgan dastlabki klinik sinovlardan so‘ng ishtirokchilarning mushaklari, ichki organlari va miya faoliyati yaxshilangan, teri va sochlarida esa sog‘lom ko‘rinish qayd etilgan.
Shuningdek, makaka primatlarida ham senescyencye-resistant progenitor cyells (SRCS) deb ataluvchi maxsus hujayralar 44 hafta davomida sinovdan o‘tkazildi. Har ikki haftada tana vazniga mos dozada yuborilgan hujayralar: qarish belgilarini kamaytirgan, organ degradatsiyasini sekinlashtirgan, miya va mushak faoliyatini yaxshilagan.
Muhimi, tajriba davomida hujayralar shikastlanmagan, o‘simtalar yuzaga kelmagan va jiddiy salbiy oqibatlar kuzatilmagan.
Parallel izlanishlar va ehtiyotkorlik
Xitoyda hujayra terapiyalaridan tashqari senolitik dorilar – masalan, Dasatinib va Quercetin ham o‘rganilmoqda. Ayrim kichik klinik tadqiqotlar ularning kognitiv va jismoniy faoliyatni yaxshilashi mumkinligini ko‘rsatgan, ammo mutaxassislar buni tasdiqlash uchun hali erta ekanini ta’kidlashmoqda.
Ekspertlar ogohlantirishicha, senesent hujayralarni butunlay yo‘q qilish ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, chunki ular ayrim hollarda organizmni tiklanish jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli bunday yangi terapiyalar keng ko‘lamli va uzoq muddatli klinik sinovlardan o‘tkazilib, xavfsizligi hamda samaradorligi to‘liq tasdiqlanishi kerak.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tVqKsHcZUeI" title="Keksayishga qarshi kurashda yangi bosqich" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA