Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat
19:53 / 2022-10-11

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keksa avlod vakillarining davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirishga keng o‘rin berilgan. Shu bilan birga, mahalladagi muammolarni hal etish, milliy urf-odat, an’ana va marosimlarni tashkil etish hamda o‘tkazishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish borasida ham ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, ushbu qaror bilan mamlakatimizda 2019 yildan boshlab har yili oktyabr oyining birinchi haftasini «Keksalar haftaligi» etib belgilangan.

Qaror ijrosiga muvofiq, joriy yilning 3-9 oktyabr kunlari mamlakatimizning barcha hududlarida “Keksalar haftaligi” o‘tkazildi.

Ana shunday haftalik Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 30-umumta’lim maktabida ham ko‘tarinki ruhda, uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

Bu haqda tumandagi 30-umumta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Doniyor Yusupov quyidagilarni ma’lum qildi.

– Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasida 2019 yildan boshlab har yili oktyabr oyining birinchi haftasini «Keksalar haftaligi» etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi, – dedi D. Yusupov. – Hujjat keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash, faol va mazmunli hayot kechirishlarini ta’minlash, boy hayotiy tajribasidan keng foydalanishda huquqiy asosdir.

Darhaqiqat, keksa va duogo‘y otaxon va onaxonlarimiz hayotimiz ko‘rki, oilalarimiz totuvligining bosh rahnamolaridir. Ularning pand-nasihatlari farovon hayotimizni ta’minlashda, yoshlarimizni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida bo‘lib o‘tgan uch avlod uchrashuvida Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi Toshkent viloyati mintaqaviy bo‘linmasi mutaxassisi, rezervdagi podpolkovnik Erkin Rahmonqulov, Qibray tumani afg‘on urushi faxriysi Murod Tillaboyev, Toshkent viloyati Qibray tumani afg‘on urushi Kengash raisi o‘rinbosari, ikkinchi darajali mehnat faxriysi Turdali O‘rozboyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, afg‘on urushi faxriysi G‘ofurjon Po‘latovlarning ishtiroki o‘quvchilar uchun unutilmas tarixiy kun bo‘ldi.

Tadbirda keksalar jamiyat, oilalar, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek, yosh avlodni halqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashdagi rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar ahamiyati ta’kidlandi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mahallada keksalarni o‘rnini yanada oshirish, yoshlarga har jihatdan namuna bo‘lish, shuningdek, sog‘lom turmush tarziga va unga amal qilish bo‘yicha fikrlar ham bildirildi.

30-umumta’lim maktabi direktori Nargiza Qobilova ta’kidlaganidek, “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalkimizga xos ezgu fazilat” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan “Keksalar haftaligi”ning o‘tkazilayotganligidan ishtirokchilar juda mamnun. Bu kabi keng qamrovli tadbir tez-tez o‘tkazib turilishi keksalar uchun ham, yoshlar uchun ham juda foydali. Negaki, keksalarning hayotiy yo‘llari o‘quvchilar kelajagi uchun muhim tajriba manbaidir.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.