Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Keksalari qadrlangan yurt
17:03 / 2023-05-09

Mamlakatimizda keksalarni hurmat qilish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish azaliy qadriyatlardan bo‘lib, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Barcha hududlarda mehnat jamoalari, tashkilot, korxona va muassasalar vakillari, yoshlar 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan faxriy onaxonu otaxonlarimiz, bobo-yu buvilarimizni yo‘qlab, ularning holidan xabar olmoqda. Ular bilan dildan suhbat qurishmoqda.  

Har bir hududning obro‘-e’tiborli, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan insonlari bo‘ladi. Hozirda 102 yoshni qarshilagan Tursunqul bobo Ergashev G‘ozg‘on shahrining faxri. Yoshligining eng gullagan davri Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan.  

– U kunlarni eslamoq og‘ir. Hozir ham urush yillarini eslasam, ko‘zlarimga yosh keladi, – deydi Tursun bobo Ergashev. – Qonli urushda ishtirok etib, uning og‘ir kulfatlarini boshdan kechirdik. G‘ozg‘ondan ham o‘nlab o‘g‘lonlar urushga ketgan. Men 1941 yilda urushga ketib, Rossiyaning Janubiy Ural harbiy okrugida xizmat qildim. Donbass, Kiyevni ozod qilishda, Chexoslovakiya janglarida ishtirok etdim. Janglarda yaralangach, Ukrainaning Ujgorod shaharchasi va Ufadagi gospitallarda davolandim. 1945 yilning 31 aprelida o‘z yurtimga qaytib keldim.  

Otaxon 50 yil davomida o‘qituvchilik qilgan. 25 yil jamoatchilik asosida “Nuroniy” jamg‘armasini boshqargan. Turmush o‘rtog‘i Obod aya bilan 6 o‘g‘il, 1 qizni tarbiyalab, elga qo‘shgan.  

– Men ana shu zaminda tug‘ilganimdan, yashayotganimdan faxrlanaman, – deydi Tursunqul bobo. – Urushdan keyin pedagogika bilim yurtida o‘qidim. Ko‘p yillar o‘qituvchilik qilib, tarix fanidan yoshlarga saboq berdim. Ortda qolgan hayotimga nazar tashlar ekanman, ne-ne qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazmadik, deysiz. Farzandlarimning, nevara-chevaralarimning kamolini ko‘rganimda esa qalbimdagi og‘ir dardlarni unutib, shukronalik keltiraman.  

Tursunqul Ergashevning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Otaxon “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, “Jasorat” medali va “Do‘stlik” ordeni sohibidir.  

Keksalarimizga ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom, ularning salomatligini asrash va hayotiy tajribalaridan unumli foydalanish kelajagimiz egalari bo‘lmish farzandlarimizning ertangi kuni yanada porloq bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.  

 

Abduvali Bo‘riyev,  

Siroj Aslonov (surat), O‘zA.