Toshkent shahri hokimligi Matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, yo‘llanmalar O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tizimidagi keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylarga Urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlari (beva erlari)ga beriladi.
Shuningdek, respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar, Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar, shuningdek, Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar, Yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar ham mazkur imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.
1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojiz 1-guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxslarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga va yoshga doir pensiya oluvchilarga ham sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar beriladi.
Yo‘llanmalarni berish davriyligi (birlamchi murojaat etganlar bundan mustasno) har yili – navbat asosida iborat bo‘ladi.
Foydalanuvchilar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (YAIDXP) bu imkoniyatdan foydalanish mumkin. Elektron tizim orqali yo‘llanmalar rasmiylashtirilgandan keyin Davlat xizmatlari markazlariga keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zlari yoki vakillari kelib, yo‘llanmalarning elektron yoki qog‘oz shaklidagi nusxalarini olishi ham mumkin.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tizimida 11 ta sanatoriy mavjud bo‘lib, ularning bir yillik sog‘lomlashtirish quvvati 45 ming nafar fuqaroni tashkil qiladi. 2024 yilga qadar esa yana har biri 100 o‘ringa mo‘ljallangan 4 ta sanatoriy qurish ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahrida navbatga olingan fuqarolar uchun «Nuroniylar» sanatoriysi, «Tovoqsoy» sanatoriysi, «Marjon suvi» sanatoriysi, «Oltiariq» sanatoriysi va «Kosonsoy» sanatoriysi kabi 5 ta sanatoriy xizmat ko‘rsatadi.
O‘zA
(Muhayyo Toshqorayeva)