O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan “Beg‘ubor” mahalla fuqarolar yig‘ini markazida keksalar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik davomida Milliy gvardiyaning tajribali shifokorlari tomonidan yurak-qon tomir tizimi, qon bosimi, qandli diabet, ko‘rish va eshitish qobiliyati hamda boshqa surunkali kasalliklar bo‘yicha batafsil tekshiruvlar o‘tkazildi. Zarur hollarda fuqarolarga qo‘shimcha laboratoriya tahlillari hamda tor mutaxassislar ko‘rigidan o‘tish uchun yo‘llanmalar berildi.

Tadbir doirasida keksalarga sog‘lom turmush tarziga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikni saqlash va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, ularga tibbiy maslahatlar va amaliy yordam ko‘rsatildi.
Bunday ezgu tashabbuslar yoshi ulug‘ insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, mahallalarda sog‘lom muhitni shakllantirish hamda jamiyatda mehr-oqibat va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

N.Rahmonova, O‘zA