Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Respublika «Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi «O‘rikzor» mahallasida «E’zoz, e’tibor, ehtirom!” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda mahallada istiqomat qiluvchi boy hayotiy tajribaga ega nuroniylar, ibratli oila vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.
— Mahallalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, kam ta’minlangan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashda nuroniylar, ayniqsa, ibratli oila vakillari, hoji ota va onaxonlardan iborat «Keksalar maslahati» va «Buvijonlar maktabi» a’zolarining o‘rni beqiyos, — deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Zulhumor Jo‘rayeva.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi «Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va ayni kunda yurtimizda o‘tkazilayotgan «Mehr-muruvvat oyligi» munosabati bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Respublika «Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj va yakka-yolg‘iz nuroniylar holidan xabar olinib, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan birida vazirlikning nuroniy onaxonlarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Xayriniso Mirzajonova O‘zbekiston xalq artisti, suxandon Galina Melnikova, O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova, O‘zbekiston xalq shoirasi Oydin Xojiyeva va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, yozuvchi, tarjimon Ibrohim G‘ofurovlarning xonadonlariga tashrif buyurib, ular holidan xabar oldi va kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qutlab, ularga sovg‘alar ulashdi.

Qolaversa, Respublika «Buvijonlar maktabi» kengashi raisi, tarix fanlari nomzodi Muborak Yunusxo‘jayeva va «Faol faxriy ayollar» kengashi raisi Xosiyat Yoqubjonova va uning turmush o‘rtog‘i Mannob akalarning 90 yoshni qarshilashlari munosabati bilan ularga ham ezgu tilaklar bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, yurtimizda davom etayotgan «Mehr-muruvvat oyligi» doirasida poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi «Vatan» mahallasida istiqomat qiluvchi O‘zbekiston Qahramoni Erkin Alimuhammedov xonadoniga tashrif buyurib, ushbu oila vakillarini ham yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qutlab, sovg‘alar topshirildi.