Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Keksalar hayoti – yoshlar uchun ibrat
09:19 / 2023-03-31

Mamlakatimizda keksa avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ularni sog‘lomlashtirish ishlarini samarali tashkil etish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ijtimoiy hayotdagi faolliklarini oshirish uchun keyingi yillarda ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bu borada navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Qaror bilan O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi ishini rivojlantirish bo‘yicha yettita ustuvor yo‘nalish tasdiqlandi. “Nuroniy” jamg‘armasining Vasiylik kengashi tashkil etildi. Hokimlar mazkur jamg‘arma bo‘limlari Vasiylik kengashlari raisi etib belgilandi. Endilikda mahalla fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchisi “Keksalar maslahati” guruhi raisi hisoblanadi. “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘limlari rahbarlariga bir vaqtning o‘zida tegishlicha viloyat va tuman (shahar) hokimlarining maslahatchisi maqomi berildi.  

– Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolar yig‘ini huzuridagi jamoatchilik tuzilmalari to‘g‘risida” gi namunaviy Nizomda “Keksalar maslahat” guruhiga rahbarlik fuqarolar yig‘ini tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan edi, – deydi Urgut tumani “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi mas’ul xodimi Shuhrat Axmedov. – Endi “Keksalar maslahati” guruhiga mahalla fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchisi raislik qiladi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2021 yilda “Bir nuroniy besh nafar yoshga murabbiy” loyihasi amalga oshirilgan edi. Bu tashabbus amalda o‘zining ijobiy samarasini berdi. Shu sababli davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bilan har bir mahallada “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbus asosida 2022 yilda tumanimizdagi 172 nafar ijtimoiy faol nuroniylar 1424 nafar uyushmagan va muammoli, ishsiz, tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj hamda profilaktik hisobda turadigan yoshlarga biriktirilib, tegishli ishlar amalga oshirildi.  

Yangi qaror bilan “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyiliga muvofiq yoshlar har bir mahalladagi hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, zamonaviy fikrlaydigan faol nuroniylarga biriktiriladi. Bunda mahallalardagi yoshlar yetakchilari “Keksalar maslahati” guruhlari bilan birgalikda shakllantirilgan ro‘yxat asosida o‘n nafar uyushmagan va muammoli yoshlar nuroniylarga biriktiriladi. Shuningdek, boy hayotiy tajribaga ega ziyoli, hunarmand, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari bo‘lgan nuroniylar hududlardagi barcha ta’lim muassasalariga mas’ul bo‘ladi. Bundan tashqari “Nuroniy har bir oilaga mas’ul” loyihasi asosida oilalardagi ahillik, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash maqsadida muammoli oilalarning har biriga “Keksalar maslahati” guruhlarining bir nafardan a’zolari biriktiriladi. Bu nuroniylarning xizmatlari e’tiborsiz qolmaydi, albatta. Nuroniylar jamoatchilik kengashlari qaroriga binoan “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili hamda “Nuroniy har bir oilaga mas’ul” loyihasi asosida faoliyat olib borgan va ijobiy natijalarga erishgan nuroniylar “Nuroniy” jamg‘armasi hamda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirib boriladi.  

Keksa avlod vakillari tormonidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Endilikda Nuroniylar jamoatchilik kengashi va “Keksalar maslahati” guruhi tomonidan:  

– nuroniylarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga oid qonunchilik hujjatlari, Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi;  

– aholining ijtimoiy sohadagi muammolari, jumladan oziq-ovqat va dori-darmon narxlarining sun’iy oshirilishi hamda maktablardagi o‘quvchilar davomati, tadbirkorlik faoliyati, bandlik, tomorqadan foydalanish va boshqa yo‘nalishlardagi muammolarining hal etilishi;  

– “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida olib borilayotgan ishlar;  

– maktabgacha va maktab ta’limi tizimi muassasalarida “Ikkita til va bir kasb” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlarning sifati va samaradorligi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.  

Qarorga asosan, faxriy nuroniylar, o‘rta avlod vakillari hamda yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari tashkil etiladi. Kasb-hunarga ega bo‘lmagan, ishsiz va uyushmagan yoshlar bilan yuqori natijalarga erishgan sportchilar, fan olimpiadalari g‘oliblari, shuningdek, o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlagan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda paralimpiya sport musobaqalari sovrindorlari o‘rtasida “Matonat va jasorat” tadbirlari o‘tkazib boriladi.  

Tuman hokimligi va sektorlar rahbarlarining amaliy yordami va harakati bilan shu paytgacha Kamangaron, Mangitobod, Etak Beshkapa, Xo‘jayduq va boshqa mahallalarda “Uch avlod uchrashuvlari” o‘tkazildi. Shu kunlarda esa Ramazon oyi munosabati bilan qator mahallalarda keksalar, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan oilalar vakillari ishtirokida iftorliklar tashkil qilinmoqda.  

Xalqimizda “qari bilganni pari bilmas” degan hikmatli gap bor. Chindan ham boy hayotiy tajribaga ega nuroniy otaxon va onajonlarimiz bosib o‘tgan yo‘l, ularning umr yo‘li yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib, ularni faqat yaxshilikka, ezgu ishlarga boshlaydi.  

G‘.HASANOV,  

O‘zA