Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi” munosabati bilan Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida keksalar holidan xabar olinib, uchrashuvlar, davra suhbatlari, sayohatlar va boshqa tadbirlar tashkil etilmoqda.
Mahalliy hokimlik vakillari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ul xodimlari G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi 100 yoshdan oshgan otaxon va onaxonlarning xonadonlarida bo‘lib, ularning holidan xabar oldi.
Mirzacho‘l tumanidagi barcha shahar, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham tadbirlar tashkil etilib, keksa avlod vakillari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, “Mirzadala”, “Yerjar” mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilgan muloqotda deputatlar, sektor rahbarlari, ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ullari, “Oqila ayollar” harakati hamda “Buvijonlar maktabi” rahbar va vakillari, nuroniylar ishtirok etdi.
Tog‘li Baxmal tumani sektorlari rahbarlari tashabbusi bilan bir guruh yoshi ulug‘lar uchun “O‘smat ota” ziyoratgohiga sayohat tashkil etildi. Nuroniylar ko‘hna va navqiron Samarqand shahrini ziyorat qildi.
Do‘stlik tumanida 4 ming 540 nafar nuroniy istiqomat qiladi. Mazkur tumandagi “G‘ofur G‘ulom”, “Chinobod”, “Navro‘z”, “Manas” va boshqa mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham tadbirlar o‘tkazildi. Bunday e’tibordan nuroniylar mamnun.
Haftalik doirasida keksalar uchun bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, ehtiyojmandlarga respublika, viloyat va tuman shifoxonalariga yo‘llanmalar berilmoqda.
Zomin tumanida “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” degan g‘oya ostida umumta’lim va kasb-hunar o‘rgatish maktablari, texnikumlarda uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri tumandagi nogironligi bo‘lgan ayollar uchun “Muruvvat” internat uyida bo‘lib o‘tdi. Arnasoylik nuroniylar esa Buxoro shahrining tarixiy qadamjolarini ziyorat qildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA