Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Keksalar haftaligi” doirasida bir qator ishlar yoʻlga qoʻyildi
10:00 / 2020-10-15

Keksalarga hurmat-eʼtibor va mehr-oqibat koʻrsatish, ular salomatligini asrash, oʻgitlariga amal qilish, yoshlar maʼnaviyatini oshirishda ularning tajribalaridan foydalanish ijtimoiy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.


Keksalarga hurmat-eʼtibor va mehr-oqibat koʻrsatish, ular salomatligini asrash, oʻgitlariga amal qilish, yoshlar maʼnaviyatini oshirishda ularning tajribalaridan foydalanish ijtimoiy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Eʼtiborlisi, soʻnggi yillarda xalqimizga xos ushbu ezgu anʼanalar yana-da bardavom boʻlib, mamlakatimizda nuroniylarni ijtimoiy himoya qilish, ularning turmush sharoitini yaxshilash, keksa avlod vakillariga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, bu borada qonunchilik va meʼyoriy-huquqiy bazani mustahkamlash borasida qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etilgani hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-maydagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shaharlarda Nuroniylar jamoatchilik kengashlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan joylarda Nuroniylar jamoatchilik kengashlari tuzilgani tabarruk yoshdagi otaxonu onaxonlarimizga koʻrsatilgan yuksak ishonch va eʼtibor namunasi boʻldi.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiy faolligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi bu boradagi ishlarni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash, qolaversa, BMT Bosh Assambleyasining 1990-yil 14-dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan eʼlon qilingan “1-oktyabr – Xalqaro keksalar kuni”ni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida har yili oktyabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilandi.

Aytish lozimki, ushbu haftalikni yuqori saviyada tashkil etish, undan oʻrin olgan har bir loyiha va tashabbus otaxonu onaxonlarimizga katta quvonch ulashishini taʼminlash maqsadida alohida chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.

Jumladan, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hududiy boʻlinmalari, mahalla fuqarolar yigʻinlari hamda “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan mahalla guzarlari, otalar choyxonalari va 147 ta tuman va shaharlarda joylashgan “Nuroniylar” maskanlarida va boshqa turli muassasalarda keksalar hamda faxriylar uchun 10 mingdan ortiq maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, nuroniylar ishtirokida uchrashuv hamda davra suhbatlari tashkil etildi. Aytish lozimki, mazkur targʻibot tadbirlari mamlakatimizda umrguzaronlik qilayotgan keksa otaxonu onaxonlarimizni ijtimoiy himoya qilish, ularga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni yana-da kuchaytirish, turmush sharoitini yaxshilash, faol va mazmunli hayot kechirishlarini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni mutolaaga keng jalb qilish, ular qalbida kitobga boʻlgan mehr-muhabbatni mustahkamlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Quvonarlisi, bu yilgi “Keksalar haftaligi” doirasida hududlarda oʻtkazilgan “Bobom, buvim va men – kitobxon oila” shiori ostidagi kitobxonlik aksiyalari ana shu ezgu va xayrli ishlarning yurtimiz boʻylab yana-da keng quloch yozishiga xizmat qildi. Joylarda kitobxonlikni targʻib etishga qaratilgan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari esa yoshlar qalbida mutolaaga mehr uygʻotdi.

Bundan tashqari, “Keksalik – hayotning ajib fasli” “mavzusida tashkil etilgan koʻrgazmalarda yoshi ulugʻ insonlarning hayot tajribasi yosh avlod kamolotida muhim oʻringa ega ekani, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, salomatliklarini asrash, oʻgitlariga amal qilish lozimligi oʻziga xos tarzda namoyon etilgani yoshlar hayotida oʻchmas iz qoldirdi. Shuningdek, “Keksalar haftaligi”da mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, bu jarayonda nuroniylarning oʻrnini yana-da mustahkamlashga eng asosiy masala sifatida eʼtibor qaratildi.

Maʼlumki, bugungi kunda mamlakatimizda keksalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning turmush sharoitini yaxshilash bilan bir qatorda, mahallalarda oilaviy ajrimlarning oldini olish, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilikni bartaraf etish, turmush sharoiti ogʻir boʻlgan ehtiyojmand va kam taʼminlangan oilalarga har tomonlama koʻmak koʻrsatish, aholi bandligini taʼminlash kabi jamiyatimizdagi muhim masalalarni ijobiy hal etishda nuroniy otaxonu onaxonlarimizning boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining eng asosiy vazifalaridan biri hisoblangan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini mahallalarda toʻla tatbiq etishda keksa avlod vakillariga alohida ishonch bildirilmoqda.

Natijada bugungi kunda yurtimiz boʻyicha profilaktik hisobga olingan notinch, noqobil oilalarga 22 ming 331 nafar faol nuroniylar, hoji otaxon va onaxonlar biriktirilib, keksalar ishtirokida yurtimizdagi notinch 3148 oila yarashtirildi. Ayniqsa, bu yil haftalik doirasida mahallalarda oʻtkazilgan “Keksa avlod oilaviy ajrimlarga qarshi”, “Biz bor joyda jinoyatga oʻrin yoʻq” mavzuidagi targʻibot tadbirlari yuqoridagi ezgu maqsadlarga xizmat qilgani bilan yana-da ahamiyatli boʻldi. Birgina Sirdaryo viloyatida bu borada bir qancha tadbirlar oʻtkazilib, mahallalardagi “Buvijonlar maktabi”, “Keksalar maslahati” guruhi aʼzolari va tuman va shaharlardagi Nuroniylar jamoatchilik kengashi vakillari ishtiroki bilan Oqoltin, Sayxunobod, Sirdaryo, Guliston, Xovos, Boyovut tumanlari va Guliston, Yangiyer hamda Shirin shaharlarida 14 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi.

Biroq, tan olish lozimki, hali bu borada qilinadigan ishlar talaygina. Xususan, “Keksalar maslahati” guruhlari va Nuroniylar jamoatchilik kengashlari faoliyatini yana-da jonlantirish, keksa avlod vakillarining oilaviy ajrimlardagi oʻrnini yana-da oshirish zarur. Shuningdek, “Keksalar haftaligi”da nuroniylar salomatligini mustahkamlash, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Maʼlumki, Muhtaram Prezidentimizning joriy yil fevral oyida Toshkent shahri Yashnobod tumaniga qilgan tashrifi chogʻida keksalar, nuroniy otaxonu onaxonlar oʻrtasida ommaviy sport turlarini rivojlantirish, ularni sportga oshno qilish borasida oʻz taklif va tavsiyalarini berib, keksa avlod vakillarini koʻproq harakatda boʻlishi, bu esa ular salomatligiga ijobiy taʼsir etishi haqida oʻz taklif va mulohazalarini bildirib oʻtgan edi.

Davlatimiz Rahbarining mazkur koʻrsatmalari asosida oʻtgan vaqt davomida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan katta avlod vakillarini ommaviy sport turlariga keng jalb etish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, respublikamizdagi mavjud 9 150 ta mahalla fuqarolar yigʻinida nuroniylarning yoshi va holatiga qarab, ularni jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishga va faol turmush tarzini yuritishga jalb etish maqsadida “Gʻayratli keksalar” sport guruhlari tashkil etildi. Qolaversa, ular ishtirokida “Salomatlik uchun 5 ming qadam” shiori ostida piyoda yurish tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.

Eʼtiborlisi, mazkur tadbirlar “Keksalar haftaligi” doirasida yana-da uyushqoqlik bilan tashkil etilib, uning qamrov doirasi kengaydi. Ayniqsa, Samarqand viloyatida haftalik davomida 400 ta “Salomatlik uchun 5000 qadam” aksiyasi oʻtkazilib, unda 4 525 nafar keksa otaxonu-onaxonlarning ishtirok etgani yuqoridagi soʻzlarimiz tasdigʻidir.

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiy faolligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida tibbiy mutaxassislar hamda qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarning umumiy amaliyot shifokorlaridan iborat tarkibda “Tibbiyot avtobusi” faoliyati yoʻlga qoʻyilishi belgilanib, bu orqali keksalarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish belgilangan edi.

Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda joriy yil “Keksalik haftaligi” doirasida bir qator salomatlik aksiyalari oʻtkazilib, mazkur tadbirlarga minglab nuroniylar jalb etildi. Birgina Toshkent viloyatida tashkil etilgan “Tibbiyot avtobusi”da 1500 dan ortiq keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularga salomatliklarini tiklashlari uchun shifokorlar tomonidan zarur tavsiyalar berildi. Andijon viloyatining 16 ta shahar va tumanlarida 2400 nafardan ziyod keksa va faxriylar ishtirokida tibbiy koʻrik tashkil etilib, viloyatdagi 345 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalarga 31 million soʻmdan ziyod oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa moddiy yordamlar yetkazib berildi.

Bundan tashqari, haftalik doirasida keksa avlod vakillari yurtimizning tarixiy goʻshalariga sayohat qilib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishdi. Ayniqsa, bu boradagi tadbirlar Buxoro Jizzax, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida ancha uyushqoqlik bilan tashkil etilib, yuzlab keksa avlod vakillarining muzeylar va boshqa ziyoratgohlarga sayohatlari tashkil etildi.

Bir soʻz bilan aytganda, bu yilgi “Keksalar haftaligi” doirasida oʻtkazilgan bayram tadbirlari yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mahallalarda ijtimoiy-maʼanaviy muhitni yaxshilash, nuroniylar salomatligini mustahkamlash va ularning jamiyatimizdagi oʻrnini yana-da mustahkamlashga xizmat qildi.

Sodiqjon TURDIYEV,
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash
vaziri oʻrinbosari