Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Keksalar gurungi
18:12 / 2023-07-05

Samarqand shahrida viloyatning faol nuroniylari, el e’tiboridagi insonlar ishtirokida “Keksalar gurungi” ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi. Unda “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev ishtirok etdi va tadbir ishtirokchilariga ezgu tilaklarini bildirdi.

– Keyingi yillarda yurtimizda nuroniylarga ko‘rsatilayotgan juda katta e’tibor va g‘amxo‘rlikka barchamiz guvohmiz, bundan bahramand bo‘lib kelyapmiz, – dedi Sodiqjon Turdiyev. – Bugungi kunda nuroniylarimiz 3 million 120 ming nafardan oshdi. Hammalari davlat tomonidan pensiya oladi. 21 ming nafar yakka-yolg‘izlar bor, ular har yili bir marta sihatgohlarda bepul davolanmoqda. 163 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hayotga shukrona aytib, barchamizning duogo‘ylarimiz bo‘lib turishibdi. Ularga ham alohida imtiyoz va imkoniyatlar yaratilgan. Xalqaro miqyosda 1 oktyabr keksalar kuni sifatida nishonlanadi. Bizda esa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oktyabr oyining birinchi haftasi keksalarni e’zozlash haftaligi, noyabr oyi keksalar sayohat oyligi deb e’lon qilingan. Bu e’tibor, e’zozga javoban qadrli nuroniylarimiz yoshlar ta’lim-tarbiyasiga faol ishtirok etmoqda, ularni otaliqqa olib, to‘g‘ri yo‘lga boshlayapti.  

[gallery-12610]

Tadbirda samarqandlik nuroniylar, mehnat faxriylari so‘zga chiqib, davlatimizning keksa avlod vakillariga e’tiboridan mamnun ekanliklarini bildirib, yurtimizdagi yangilanish va o‘zgarishlarni e’tirof etdi.  

– Shu kunlarda yuzlab yurtdoshlarimiz Saudiya Arabistonida muborak haj amallarini bajarib turibdi, – deydi mehnat faxriysi Abdushukr Muhammadqulov. – Bu yil muborak safarga o‘rinlar soni har yilgidan oshdi. Hojilarimiz juda katta izzat-ikrom bilan muqaddas shaharlarni ziyorat qilib kelmoqda. Bu yil hech qachon bo‘lmagan xayrli ish amalga oshirildi. Ya’ni, ehtiyojmand oilalar vakillari, nuroniylar davlat hisobidan Umra safariga yuborildi. Samarqanddan ham 100 nafar yurtdoshimizga ana shunday baxt nasib etdi. Bunday imkoniyat, e’tibor shu paytgacha yo‘q ediku. Albatta, buning qadriga yetishimiz, hayotga shukrona aytib yashashimiz kerak. Uchrashuv bir piyola choy ustida davom etdi.  

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA