Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Keksa jurnalistlarga uyushmaning yangi guvohnomasi topshirildi
16:00 / 2024-06-26

Termizda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni arafasida nafaqadagi jurnalist, shoir va tarjimon Abdimo‘min Jumayev hamda nafaqadagi fotomuxbir Kamol Mamatovga O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasining yangilangan a’zolik guvohnomasini topshirish, shuningdek, Abdimo‘min Jumayevning yangi nashrdan chiqqan kitoblari taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Surxondaryo viloyat bo‘limi rahbari Muhiddin Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Mengnor Allamurodov, “Tibbiyot va hayot” gazetasi bosh muharriri Chori Jumaqulov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida alohida so‘z yuritdi. Abdimo‘min Jumayev va Kamol Mamatovning mahalliy ommaviy axborot vositalaridagi faoliyatiga to‘xtaldi. Shoir va tarjimon Abdimo‘min Jumayevning nafis she’rlari, tarjimalarining mazmun-mohiyati to‘g‘risida fikr almashdi.  

Abdimo‘min Jumayev 40 yildan buyon buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy asarlarini o‘zbek tiliga o‘girib keladi.  

– Bu yil YUNESKO rahnamoligida turkman elining ulug‘ farzandi Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yillik yubileyi keng nishonlanadi, – deydi A.Jumayev. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2 fevraldagi qaroriga muvofiq O‘zbekistonda ham bu sanani nishonlashga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Maxtumquli nafaqat turkiy xalqlar, balki jahon adabiyotida alohida o‘ringa ega buyuk mutafakkir. Uning nafis asarlarida insoniy ulug‘ fazilatlar, do‘stlik va matonat keng tarannum etilgan. Milliy qadriyatlar ulug‘langan. Asarlari so‘z san’atining bebaho xazinasiga aylangan turkman shoiri she’rlarini tarjima qilib, o‘zbek kitobxonlariga taqdim etayotganimdan faxrlanaman.  

– Mamlakatimizda so‘z erkinligi ta’minlanib, jurnalistlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda, – deydi K.Mamatov. – Bizning davrimizda bunday imkoniyat va sharoit yo‘q edi. Bugun gazetalar tahririyatlarida ham, televideniyeda ham emin-erkin izlanib, ijod qilish, yurtimizda yuz berayotgan beqiyos o‘zgarishlarni yoritish uchun barcha qulaylik bor. Bunga havasimiz keladi. Kasb bayramimiz arafasida O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasining yangilangan guvohnomasi topshirilgani biz uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi.  

Tadbirda nafaqadagi jurnalistlarga a’zolik guvohnomasi, ko‘krak nishoni va O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Surxondaryo viloyat bo‘limining bayram tabrigi tantanali topshirildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri