Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani” konferensiyalar zalida Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Tibbiyot xodimlari kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tashabbusi bilan “Hayot sifatini yaxshilash: gerontologiya va geriatriyaning dolzarb masalalari“ mavzuida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Unda mamlakatimizdagi yetakchi tibbiyot mutaxassislari bilan bir qatorda Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va boshqa davlatlarning malakali shifokorlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov ta’kidlaganidek, keksa avlod va nuroniylar xalqimizning tarbiyachisi, yurtning muqaddas ustuni. Ularning hayoti, salomatligi va farovonligini ta’minlash jamiyatimiz uchun eng katta burchdir.
Darhaqiqat, xalqimiz farovon hayot kechirishini, sog‘lom turmush tarzini ta’minlash Hukumatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda bu borada olib borilgan amaliy ishlar ko‘lami tobora ortayotganligi tufayli aholi salomatligini mustahkamlashda muayyan natijalarga erishilmoqda.

Bugungi kunda gerontologiya va geriatriya sohasini yanada rivojlantirish g‘oyat dolzarb masalalar sirasiga kiradi. Zero, inson salomatligini saqlash va umrini uzaytirishda, ayniqsa, yoshi ulug‘ kishilar, keksa avlod vakillari sog‘lig‘ini mustahkamlashda tibbiyotning bu muhim yo‘nalishi ahamiyati beqiyos.
Namangan viloyatida tibbiyotni bugungi kun talablari asosida rivojlantirish borasida olib borilayotgan izchil xayrli ishlar jarayonida, 55 yoshdan oshgan fuqarolar o‘rtasida skrining tekshiruvlari muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Keng ko‘lamli qariyalarni sog‘lomlashtirish dasturlari tatbiq etilyapti.

Xorijiy investorlar bilan hamkorlikda zamonaviy davolash imkoniyatlari yaratilgan kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda ko‘z kasalliklari shifo maskanlaridagi ibratli ishlar e’tiborga molik. Birgina Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘zmikroxirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali tashkil etilib, byudjet hisobidan qiymati 4,4 milliard so‘m evaziga zamonaviy oftalmologik asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali binolari 4,3 milliard so‘m hisobidan rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, Avstriyaning “AME international” xalqaro tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga asosan, qiymati 8,9 million yevroga teng bo‘lgan chet el investitsiyasi hisobiga 65 turdagi 300 dan ziyod zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Natijada, yuqori texnologik amaliyotlar 16 turdan 86 turga ko‘paytirildi, amaliyotlar yiliga 450 dan 2 ming 500 taga ortdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali binosi rekonstruksiyasiga 22 milliard so‘m sarflandi. Shuningdek, Avstriya bank krediti mablag‘lari hisobidan filialni 10 million dollarga teng bo‘lgan chet el investitsiyasi hisobiga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha shartnoma imzolandi va bugunga qadar 6 million yevroli jihozlar yetkazib berildi.

Anjumanning yalpi majlisida gerontologiya va geriatriya sohasini yanada rivojlantirish borasidagi izlanishlar, erishilayotgan natijalar xususida ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Xususan, tibbiyot fanlari doktori, professor Gavhar To‘laboyevaning “Keksalarda surunkali yurak yetishmovchiligini davolashga zamonaviy qarashlar”, Qirg‘iz Respublikasining davlat tibbiyot instituti oilaviy tibbiyot kafedrasi gerontologiya va geriatriya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Gulmira Baitovaning “Qirg‘izistonda keksa avlod salomatligi holati: muammolar va istiqbollar”, Belarus Respublikasining yurak-qon tomir jarrohi, tibbiyot fanlari nomzodi Dimitriy Turlyukning “Kam invaziv kardiologiya, keksa yoshdagi bemorlarga yordam berish imkoniyatlari”, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minovning “Namangan viloyatida keksa yoshdagi bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish”, Turkiyaning Anqara shahridagi “Birinchi aks-sado” maxsus ta’lim va reabilitatsiya markazi fiziaterapevt-reabilitologi Okan Ko‘chning “Geriatrik hastaliklarda osteoartroz va reabilitatsiya” mavzularidagi chiqishlari katta qiziqish bilan tinglandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.