KECHINMA: Onangiz hayotmi, har lahza qadriga yeting!
Bu soʻzni eshitgan kishining qalbiga farahlik inadi, koʻngli taskin topib, huzur-halovatlanadi.
Bu soʻzni eshitgan kishining qalbiga farahlik inadi, koʻngli taskin topib, huzur-halovatlanadi. Ona – vafo, sadoqat, mehr-shafqat, muhabbat, matonat, samimiyat, nazokat, farosat... timsoli. Ona mehri va latofati bilan dunyoni bezab turadi. Onasiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Ona qadrini uning mehru shafqatini, marhamatini his etganlar anglab yetishadi.
Tarozining bir pallasiga ona mehr-muhabbati, boshqasiga esa bu dunyodagi barcha jonzotning mehri qoʻyilsa, shubhasiz, ona mehr-muhabbati ogʻir keladi. Ona mehri mavjud ekan, odamzod nasl-nasabi zavolga yuz tutmaydi, beminnat mehr qanotida yayrab-yashnaydi. Shu mehr tufayli goʻdaklar bir parcha et holidan qaddi raso insonga aylanadi.
Bejiz Nabiy Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Jannat onalar oyogʻi ostidadir” (Imom Quzoiy rivoyati), deb marhamat qilmaganlar. Mana shu hadisning naqadar chuqur maʼnoli ekanini, afsuski, onam vafot etganlaridan keyin yana-da chuqurroq anglab yetyapman.
Toʻgʻri, mazkur nabaviy kalomni oldin ham juma mavʼizalarida juda koʻp takrorlaganmiz. Biroq uning olam-olam maʼnolarini sal ertaroq, yaʼni onam hayotlik paytlarida hozirgidek teranroq anglaganimda, volidamga yana ham koʻproq xizmat qilib, oltinga teng duolarini olib qolgan boʻlar edim.
Mana, oʻn kundirki, hayotimiz mazmunsiz, turmushimiz rangsiz, jilosiz. Oilamizdan koʻrku tarovat, fayzu baraka arigandek, goʻyo. Onajon, sizsiz odamga na yegan-ichgani tatiydi, na shirin soʻz tasalli beradi, kunduzi va na tunlarimda orom bor.
Sizning hayot dorilfununingizni tamomlagan rafiqam, farzandlarim yonimda – girdikapalak. Aytganlarimni darhol muhayyo qilishadi. Ammo, onajon, ishdan, koʻcha-koʻydan, bozordan qaytganimda sizning “Sogʻ-omonmisan, yaxshi keldingmi?” degan bebaho soʻzlaringizni sogʻindim. Ishga otlanayotganimda qoʻlingizni duoga ochib, dunyodagi eng ezgu tilaklarni bildirishingiz, meni alqashingizni sogʻindim.
Endi meni kim alqaydi, kim duo qiladi?!
Ona bor oila tinch, saranjom sarishta oʻchoqda olov, tandirda non boʻlar ekan. Oʻn kundan beri uyimiz huvillab qoldi, onajon. Sizni sogʻinganimda keliningizga, nabiralaringizga koʻrsatmay, toʻyib-toʻyib yigʻlab olaman. Namozu niyozlarim ortidan, Qurʼon tilovat qilib, haqingizga duolar qilyapman, onajon.
Onajon, menga shunchalar mehr koʻrsatib, ardoqlab, kaftingizda katta qilganingizni, afsuski, siz vafot etganingizdan keyin teranroq anglab yetyapman. Onajon, Alloh taolo sizning qalbingizga shunday gʻaroyib va beqiyos mehr-muhabbat urugʻini joyladiki, buning taʼrifiga til ojiz, bayoniga qalam noqis va idrokiga aql zabun.
Onajon, bugun oramizda yoʻqsiz. Lekin, bilamanki, siz jannat bogʻlarida sayr qilib yuribsiz. Chunki Nabiy alayhissalom onalar oyogʻi ostiga jannatni poyondoz qildi.
Bir qoʻlingizda beshikni, ikkinchisida dunyoni tebratib, mijja qoqmasdan, bizlarni hech narsaga muhtoj qilmasdan ulgʻaytirdingiz. Lekin, afsuski, sizning beqiyos mehringiz, benazir xizmatingizni kech anglab yetdik.
Barcha olimu ulamolar, fozilu fuzalolarning, shoiru yozuvchilarning, dunyoga mashhur buyuk shaxslarning ulugʻ mavqe, martaba va darajalarni egallashlari zamirida albatta onaning xizmati beqiyos. Lekin ayrim hollarda onaning bu xizmatlari evaziga minnatdorlik bildirish oʻrniga, uni ranjitamiz.
Onalarimiz uylarimizni yoritib, munavvar qilib turuvchi chiroqdir. Ularning ziyosi xonadonlarimizga fayz bagʻishlab turar ekan. Lekin bu chiroq ham abadiy emas ekan. Vaqt-soati yetib, bu chiroq oʻchsa, xonadonlarimiz qorongʻi, fayzsiz, tarovatsiz boʻlib qolar ekan.
Ana shunday paytda koʻngillarga taskin, qalblarga xotirjamlik ulashuvchi Alloh taoloning kalomidir. Bu ilohiy kalomni oʻqib, marhuma onalarimizning tabarruk ruhlariga bagʻishlasak, yengil tortamiz. Onajonlarimizning ruhlarini shod etamiz.
Onajon, siz doimo qalbimizdasiz. Har soniya, har on sizning xotirangiz yodimizda. Mudom ruhingiz shod, oxiratingiz obod, yotgan joylaringiz jannat bogʻlaridan boʻlsin. Qabringiz Qurʼon va imon nuri bilan munavvar boʻlsin. Bu yorugʻ dunyoda qilgan barcha xayrli va ezgu ishlaringizni Alloh taolo oxiratingizga zaxira aylasin.
Ota-onasi hayot boʻlgan baxtli, saodatli vatandoshim, dindoshim! Har lahza bu ulugʻ zotlarning qadriga yeting. Chunki ular boshingiz toji, koʻzingiz nuri, qalbingiz sururi ekan.
Mirodil MIRJALILOV