Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kechiktirib bo‘lmas vazifa
16:32 / 2025-12-17

Bugungi davrni kommunikatsiya davri deb atasak, xato bo‘lmaydi. Istalgan payt istagan kishimiz bilan suhbatlashishimiz mumkin. Xoh video qo‘ng‘iroq orqali ko‘rib, xoh to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovozli muloqot qilish imkoni bor.

Ma’lumki, bundan yarim asr va undan uzoq davrda kishilarning aloqa vositasi maktub sanalgan. Aslida bugungi muloqot vositalari ham maktubning o‘zgargan bir ko‘rinishi.

Ammo saviya masalasi ancha orqaga ketganday nazdimizda. Chunki maktublar yozilganda uning imlosiga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda turli ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borilayotgan yozishmalarga qarasangiz, olam-olam xato guvohi bo‘lasiz. Hattoki go‘yo kodlashtirilgan yozuv yaratib olishdimikan, degan xulosaga ham kelib qoladi kishi. Ana shunday ko‘z yumilayotgan g‘ij-g‘ij xatoli yozuvlarni o‘qib ulg‘ayayotgan avlodning kelajakdagi savodini bir tasavvur qilib ko‘ring.

Savod masalasida bizning ajdodlar butun dunyoga namuna bo‘lgan desak, xato bo‘lmaydi. Arablar hanuzgacha Zamahshariy bobomiz yaratib bergan grammatikadan foydalanishadi. Ular orasida “Agar shu olim bo‘lmaganda tilimiz ahvoli ne kechardi”, degan qarashning borligi biz uchun faxrli holat, albatta. Yoki qomusiy olimlarimiz Beruniy, Ibn Sinolar ham nafaqat o‘z sohalarida, balki til va yozuv masalalarida ham insoniyatga javohirga teng meros qoldirishgan. Ana shunday allomalar avlodlarining bugungi yozuv masalasidagi saviyasi ularga munosibmi?

—O‘tmishda ota-bobolarimiz farzand tarbiyasida nafaqat uning odob-axloqi, balki savodiga ham alohida e’tibor berishgan. Yaqqol misol, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘g‘li Humoyun Mirzodan maktub olganda uning kamchiliklarini birma-bir sanab ko‘rsatadi. Shuningdek, u “Xatti Boburiy” yozuviga ham asos soladi. Bu yozuv bir muddat muomalada ham bo‘lgan. Shunday ekan, bugungi kun yoshlari ham to‘g‘ri yozish ko‘nikmalarini oshirishga jiddiy yondashishlari shart, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Zulxumor Xolmonova.

Darhaqiqat, har bir katta marraga kichik qadamlar bilan erishiladi. Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqdagi, umuman yozuv bilan bog‘liq kamchiliklarimizni barchamiz bartaraf etishga bel bog‘lasak, asta-sekin mas’uliyat hisi kuchli shakllanib, barcha sohalarda eng ilg‘or mamlakatlardan biriga aylanishimiz shubhasiz. Shundagina tilimiz ravnaqi ham o‘z-o‘zidan yuksaladi. Zero, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan tashabbuslar negizida ham ayni shu maqsad yotibdi. Uni amalga oshirish esa har bir millatdoshimizning muqaddas va kechiktirib bo‘lmas vazifasidir.

Sherbek Islomov,

O‘zA