Urgut tumani “Quyiguzar” MFYda yashovchi fuqaro G.Bahriyevaning Samarqand shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga og‘zaki tartibda qilgan murojaati mutaxassislar tomonidan tegishli tartibda o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro “Samarqand Avto Tex Xizmat” MCHJ bilan 2022 yil 15 iyun kuni tuzilgan shartnomaga asosan belgilangan tartibda 131 million 134 ming so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Shartnoma shartlarida fuqaroga 2022 yilning 30 noyabr kunida MCHJ tomonidan “Lacetti” L-Style MT rusumidagi avtomobil yetkazib berilishi ko‘rsatilgan. Ammo belgilangan vaqtdan ikki oy muddat o‘tib ketgan bo‘lsada, fuqaroga avtomobil yetkazib berilmagan.
Samarqand shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining xodimlari tomonidan MCHJ rahbariyatiga O‘zbekiston “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari tushuntirilib, zarur hujjatlar asosida xulosa qilindi. Natijada 2023 yil 7 fevral kuni fuqaro G.Bahriyevaga MCHJ tomonidan avtomobil yetkazib berildi.

Zarafshon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ham joriy yilning 4 yanvar kuni Zarafshon shahrida yashovchi fuqaro Sultonbek Razzoqovdan Federatsiyaning ishonch raqamiga murojaat kelib tushdi.
Murojaatda keltirilishicha, fuqaro “Navoiy AVTOMOTORS” MCHJ bilan yangi «Cobalt» avtomashinasi sotib olish umidida 2022 yilning 23 iyun kuni shartnoma imzolagan va shartnomada belgilangan muddatlarda kelishilgan 128 million 645 ming so‘m mablag‘ni to‘liq to‘lab bergan. Ammo shartnomada avtomashinaning yetkazib berish muddati etib 2022 yilning 31 avgust kuni belgilangan. Shartnomaning boshqa bir bandida esa ishlab chiqaruvchiga bog‘liq bo‘lmagan holda ishlab chiqarishning vaqtincha uzilishlari yuz bergan taqdirda mahsulotni yetkazib berish muddati 31 avgustdan 45 kalendar kunigacha uzaytirilishi ko‘rsatilgan.
Fuqaro murojaatida avtomobil o‘z vaqtida yetkazib berilmayotgani va avtomobilni qisqa muddatlarda yetkazib berilishida amaliy yordam so‘ragan. Fuqaroning murojaati jamiyat mas’ullari tomonidan o‘rganib chiqildi va “Navoiy AVTOMOTORS” MCHJga fuqaroning murojaati yuzasidan xat yo‘llanib, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining tegishli moddalari tushuntirildi va fuqaroga 14 yanvar kuni avtomashina yetkazib berildi.
O‘zA