Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kechagi o‘tmish – bugunning ko‘zgusi
15:33 / 2025-07-30

Dahr-u dun markazida hech shubhasiz hazrati inson turadi. Shu haqiqatni tan olmagan har qanday g‘oyaning mag‘zi – puch, poydevori – bo‘sh, omonat. Fashizm ham, sho‘ro mafkurasi ham xuddi ana shu – insonga, uning tabiati, fe’l-atvori, maqsad-muddaolariga zidligi, uning ehtiyoj-u manfaatlaridan kelib chiqmagani uchun butkul mag‘lubiyatga uchradi va qoralandi.

Kunlar kunlarni, yillar yillarni quvib, bu ko‘hna charxi falak shu sirli koinot yaralganidan beri aylangani-aylangan. Ayni shu – insonning abadiy-boqiy emasligi tafakkurimizda xotira degan tushunchani paydo qilgan bo‘lsa, ajab emas. Negaki xotiragina o‘tganlarni eslash, bugunni kechaning yodi bilan to‘ldirish, ya’ni uni yanada boyitish imkonini beradi. 

O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgan kundan boshlab tinchlik-totuvlik tarafdori sifatida maydonga chiqdi.  Shu ma’noda, 9-may kunini sho‘rocha usulda bayram qilish bizning ong-shuurimizga mutlaqo mos kelmas edi. 9-may – Xotira va Qadrlash kuni deb belgilandi. Bayramning mazmun-mohiyati butkul o‘zgardi – u xalq xotirasi va insonni qadrlash kuniga aylandi.

Xotira – odamlarning bu dunyoda yashashi uchun imkon beradigan birdan bir makon. Xotira insonni tarbiyalaydi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttiradi, ezguliklarga, yon-atrofdagilarga ko‘makchi bo‘lishga, o‘z ustida tinmay ishlashiga imkon yaratadi, umrni zoye ketkazmaslikka undaydi.

Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 79-yil, 9-may – Xotira va qadrlash kuni deb nom berilganiga, mana 25-yil to‘lmoqda. Bu bir insonning o‘rtacha umriga teng. Hech ikkilanmasdan aytishimiz mumkin: yillar o‘tsa-da, ushbu kunning ahamiyati hech qachon susaymaydi, bu kun hammamiz uchun jasorat, iftixor va mangu xotira razmi bo‘lib qolaveradi.  

Xalqimiz bu sanaga inson xotirasi va qadriga e’tiborining amaliy ifodasi sifatida qaraydi. Ikkinchi jahon urushidagi tarixiy g‘alabani ta’minlashda yurtdoshlarimiz ko‘rsatgan jasorat shunday bir kitobki, o‘qib ado bo‘lmaydi, undan olingan saboqlar unutilmaydi.

Xalq xotirasida yashash deganda, ko‘z o‘ngimizdan Vatan ibtidosidan buguniga qadar shu yurt, shu xalq uchun kurashgan, bu yo‘lda kuch-qudrati, aql-zakovatini ayamagan, kerak bo‘lsa, jon fido qilgan buyuk bobolarimiz bir-bir o‘tadi. Bu esa, ularning butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bataraf qilishga ulkan hissa qo‘shganliklaridan va jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan yuksak jasorat ko‘rsatganliklaridan dalolat beradi.

Ha, biz sabr va matonat namunalarini ko‘rsatgan, Vatan himoyasida fidoyi xizmat qilgan ota-bobolarimiz qahramonliklarini hech qachon unutmaymiz. Ular bilan umrbod faxrlanamiz. Ajdodlarimiz oldidagi farzandlik burchimiz – xalqimiz xotirasini abadiy yodda saqlash, tarixdan kerakli xulosalar chiqarish, yoshlarimizni shunday zaminda yashashdan faxr-iftixor tuyish ruhida tarbiyalashdir. 

–Bolaligimda, bobojonimning: “Urushning nomi o‘chsin!”, – degan gaplariga tushunmay “nega unday” – deb, savolga tutardim. 

Bobom urush va undan keyingi davrlarni shunday eslardilar: “Urush o‘zbek xalqini bor-yo‘g‘idan tomomila ayirib, ko‘rpa-yostig‘i, ro‘zg‘oridan mosuvo qildi, uy-joyi xarobaga aylandi, och va yupun bo‘lib qoldi. Mana, urushning nomi o‘chsin”, – deb nega aytaman, ona qizim. – “Ha, hayot bor ekan sinov bor, qiyinchilik bor, imtihon bor! Hozirgi tinch zamonimizda bu haqiqatni yanada chuqurroq his qilmoqdaman. Birinchi jangovor tayyorgarlikni Belorusiyaning Bryansk viloyatida o‘tadik. Biz okoplarda jang qilyapmiz, tutunli qora bulutlar orasidan daydi o‘q uchib kelib, yonimdagi ko‘p safdoshlarimni yiqityapti. Shunda bildimki, dunyoda eng aziz va qadrdon inson – bu ONA ekan. Jangchi qaysi millat vakili bo‘lmasin o‘q teggan vaqtda jon achchig‘idan “Ona” deya nido qilarkan. Men bu so‘zni urush davrida juda ko‘p millatga mansub quroldoshlarim og‘zidan eshitdim. So‘nggi nafasidagi “Ona” degan so‘zida nafaqat ona, balki Vatan mehri, hayotga tashnalik mujassam edi. Hozir ham eslasam yuragim o‘rtanib ketadi. Insoniyat tarixida oltmish milliondan ziyod odamning yostig‘ini quritgan Ikkinchi jahon urushida, O‘zbekistondan bir yarim milliondan ziyod yurtdoshlarimiz uzoq sovuq o‘lkalarda Vatan ozodligi uchun jang qilishdi. Mard o‘g‘lonlarimiz yelkama-yelka turib qonli janglarda fashizm ustidan g‘alabaga o‘z hissalarini qo‘shishdi. Navqiron yigitlarimizni halok bo‘lganini eslash nihoyatda og‘ir, albatta...

Ochig‘i, o‘tgan zamonda qurbonlarni xotirlash ham, tirik qolganlarning qadriga yetish ham shunchaki, ya’ni rasmiyat uchungina edi, xolos. Odamlar shaxs sifatida emas, ommaning tarkibiy qismi tarzidagina eslanardi. Hamma yerda noma’lum askarlarning ramziy qabrlariga duch kelar edik... Holbuki, jangda halok bo‘lgan tirik jonning hech biri noma’lum emas edi. Har birining ota-onasi, shahar-u qishlog‘i, mahalla-ko‘yi, qavm-u-qarindoshi, qo‘ni-qo‘shnisi, umr yo‘ldoshi yoxud sevgan yori bor edi-ku!.. Halok bo‘lgan tirik jon kimningdir jigarporasi, demak, shu Vatanning farzandi-ku! Har birining ortidan qancha odam qon yig‘lab qolgan. Ko‘zlarida yosh qurimay turib, qora xat kelganda bu xat emas, bir o‘q kabi ularning yuragini yaralagan. Bu yara shunday yara ediki, dahshatli urushda halok bo‘lgan otasini ko‘rmagan, loaqal, bir bora bo‘lsin: “Otajon!” – deb aytolmay qolgan yetimlarning faryodi edi. Insonni, uning tabiatini mensimaslik, shaxsni shaxs o‘rnida ko‘rmaslik eski mafkuraning mag‘zi-mag‘ziga singib ketgan aqida edi. O‘sha davrlarda odamga faqat siyosiy g‘oyalar yo‘lidagi bir murvatdek qaralar edi. Siyosatda ham, hayotda ham shu bema’ni aqidaga amal qilingan. Aslida, har qanday siyosat  inson uchun, uning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Chunki inson aziz va mukarram, uning yoshi ham, qarisi ham, erkagi ham, ayoli ham barobar qadr qimmatga egadir.”, – derdilar. 

– “Ona qizim, nasib qilsa Yurtboshimiz tashabbuslari bilan qurilayotgan Xotira maydoniga sizlarni olib boraman. Ko‘rib, bilib, ibrat olasizlar”, derdilar. 

Mustaqillik maydonida barpo etilgan Xotira maydoniga bobom bilan ziyoratga keldik. O‘tganlar ruhiga tilovat-u duolar qildik. Bobojonim, Motamsaro ona haykaliga bosh egib, ta’zim qildilar, zarhal bitiklarni ko‘zdan kechirdilar. Ko‘zlarida ham iztirob, ham sevinch yoshlari bilan: – “Shu bog‘ barpo etilayotganini eshitganimda ko‘z o‘ngimdan jangda halok bo‘lgan safdoshlarim bir-bir o‘tdi, xuddi ular yashashda davom etayotgandek. Nazarimda urushda halok bo‘lganlar bugun har bir mard yigit yuragida, jasoratli harbiylar qonida, sadoqatli kelinlarimiz qalbida yashamoqda. Qahramonlar o‘lmaydi bolajonlarim, balki ular har bir Vatan degan yurakda qayta-qayta dunyoga kelaveradi. 9-mayning Xotira va Qadrlash kuni deb e’lon qilinishi bizda siyosatning insonlashganidan, davlatning hazrati insonga qayishganidan dalolatdir. Urushda halok bo‘lgan har bir o‘zbekistonlik – Vatanimiz farzandi edi. Ularni yoddan chiqarishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Istiqlol tufayli 35 jildlik “Xotira” kitobi chop etilganini, urush qurbonlarining nomi shu temir “kitob”ga zarhal harflar bilan bitib qo‘yilgani ko‘rib, yurtboshimizni ko‘pdan ko‘p duolar qildilar. 

Qaniydi, hayot bir hikoya bo‘lsa va qalam bilan yozilsa-yu, moziydagi eslashga loyiq bo‘lmagan qora xotiralarni o‘chirib tashlasak... 

Mintaqalarimiz, ko‘plab shaharlarimiz va tumanlarimiz markazlarida ham Xotira maydonlari barpo etildi. Pok ruhlar kezib yurgan u yerlarga qadam ranjida qilganlar, o‘rnatilgan “Xotira” kitobidan o‘z qalbiga yaqin, qoni qoniga tutash qadrdonining muborak nomlarini topadi, albatta.

Ulug‘ bunyodkorlik ishlaridan yana biri mazkur tarixiy sananing 75-yilligiga bag‘ishlab, Toshkent shahrining Olmazor tumanida barpo etilgan “G‘alaba bog‘i”dir. Hozirgi kunga kelib, fuqarolarimiz bilan gavjum, o‘tganlar ruhi yodga olinadigan, duolar ijobat bo‘ladigan go‘shasiga – aziz maksanga aylandi. Davlatimiz rahbari tarafidan ko‘rsatilayotgan bu kabi g‘amxo‘rliklarning bari xotira va qadrlash mohiyatining amaliy jihatini yaqqol namoyon etadi. Bog‘ bitishini ko‘rish u kishiga nasib qilmadi, lekin ruhlari shod bo‘lganiga ishonaman.  

Bobojonim, keksalik gashtini surib, olti nafar farzandni voyaga yetkazib, 25 nafar nevara, 50 nafar chevara va 2 evaraning ardog‘ida umrguzaronlik qilib, 94 yoshlarida bu foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qildilar. Tabarruk bobojonimning pand-u-o‘gitlari, yashab o‘tgan umr yo‘llari biz zurriyodar uchun hayot yo‘limizni yoritguvchi shamchiroqdir.

Biz o‘tganlarni maxsus bir kunda, ayni 9-mayda xotirlashimiz ramziy ma’noda bo‘lib, aslida har doim, har lahzada ularni eslab, yaxshiliklarini o‘zimiz uchun ulkan namuna ekanligini yodda tutishimiz darkor. Chunki, ajdodlarimizning jasorati va matonati – fidoiylik, qahramonlik namunasidir. Bu har qanday kishini ma’nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yangiliklar yaratishga, el-u yurtga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi. 

Ikkinchi jahon urushida Vatanidan minglab chaqirim olislarda kechgan janglarda ko‘ksini dushman o‘qiga qalqon qilgan, yurt sog‘inchi va qadrdonlar diydorini diliga tugib kurashlarda jon olib, jon bergan minglab o‘zbek qahramonlarining matonati va jasorati dillarimizda mangu yashaydi. Bugun mana shunday insonlar xotirasi oldida, hurmat bilan bosh egamiz. 

Hozirda biz bilan birga yashab kelayotgan keksalarimizni e’zozlash, ular bosib o‘tgan kunlarni o‘rganib, obod kunlarimizga shukronalar aytish – bizning chinakam insoniylik burchimizdir. Vatan tuyg‘usi shunchalar yuksakki, ona o‘z farzandini uning himoyasiga hech ikkilanmay jo‘natib, kerak bo‘lganda jon fido qilish kerakligini yoshligidan uqtiradi. Hozirda buyuk va qudratli armiyamizda sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan askarlarimiz – ota-bobolarimiz izidan borib, obod va ozod Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrab kelmoqda. 

Bugungi tinchligimiz zamirida, mard va sergak ajdodlarimizning bu yo‘lda qurbon bo‘lganliklari, front ortini mustahkamlash yo‘lidagi og‘ir mashaqqatlari evazigadir. Bu xotirani asrash uni ehtiyot qilish – bizning o‘zimiz va avlodlar oldidagi burchimizdir.  

Bugun o‘sha suronli kunlarda, urushning zalvorli musibatlarini boshidan kechirgan, olovli jangohlardan omon qaytgan, sabr-bardosh bilan mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, iymoni butun, bilaklari kuchga to‘lgan botir bobolarimiz, navnihol momolarimiz o‘z yoshligini hozirgi tinchligimiz uchun baxshida etganlar...

Ushbu satrlarni o‘qiyotgan hurmatli o‘quvchi, hammamiz baxtlilarning eng baxtlisimiz, bu bor haqiqat!.. To‘rt fasli bor yurtda yashayapmiz, hamma sharoitlar muhayyo, to‘rt muchamiz but. Har bir aytayotgan so‘zimiz, qilayotgan ishimiz zamirida bunyodkorlik bor, yaratuvchanlik bor. Bu degani,  biz urushga qarshimiz, degani. Shuning o‘zi eng katta baxt emasmi, aslida?!

Madina Zufarova, 

“RENAISSANCE” universiteti

Filologiya va tillarni o‘qitish 

fakulteti talabasi,

O‘zA