Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kechagi obod yo‘laklar bugun nega vayronaga aylana boshladi?
16:36 / 2023-02-21

Luqma

Toshkent shahri bo‘ylab yo‘laklar kapital ta’mirlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi.  

Yo‘laklar yangiligida havas bilan, hayrat bilan qadam tashlaganmiz. Bir yoni qizil, bir yoni naqshin yo‘laklardan faxr tuyib qadam tashlamagan yurtdoshimiz bo‘lmasa kerak.

Hali yo‘laklar yangiligida velosiped haydovchilari uchun ajratilgan, ya’ni yo‘lakning qizil rangga bo‘yalgan qismidan odamlar ko‘proq yurishi e’tiborimni tortgan. Shu yerdan yursa, o‘zini kino yulduzlaridek his qilsa kerakda, degan fikr xayolimdan o‘tgan.

Shuncha hayratu havaslar oradan hech qancha o‘tmay bekor bo‘la boshladi... Esiz shuncha mablag‘, shuncha suyunganimiz, deb yuborasiz, bu yo‘laklarning hozirgi ahvolini ko‘rib. Ishxonamiz ko‘chasiga tutash bo‘lgan Sharof Rashidov ko‘chasi yon tomonidagi yo‘lakda sayr qilib shu ahvolga tushdik. Poytaxtning markaziy ko‘chasi, qolaversa, Mustaqillik maydoniga tutash bo‘lgan hududda ahvol shu bo‘lsa, boshqa joylarni gapirmasa ham bo‘ladi.

Yo‘lakda beton qotishmalari uvalanib ketgan, o‘ydim-chuqurlarni ko‘rib dilingiz xira tortadi. Tushlik payti bo‘lishiga qaramay har yerda chiqindi uyumlari ham ko‘zga tashlanadi. Yo‘lakning ayrim joylari o‘yib tashlangan. Bu yerda ta’mirlash bo‘layaptimi yoki yo‘qmi, buni ham tushunib bo‘lmaydi.  

Jahon sahnida o‘z o‘rnini egallashga, turli yo‘nalishlardagi indekslarni yaxshilashga intilayotgan, shu yo‘l bilan mamlakatga investitsiyalar jalb qilish harakatidagi davlatning markazi havas qilgulik bo‘lishi kerak emasmi? Yoki mas’ullar, quruvchilar, obodlikni ta’minlovchilar hech kimdan qo‘rqmay, hech kimdan istihola qilmay qo‘yganmi? 

Aytib o‘tish kerakki, yo‘laklar bunyod etish Prezidentimizning “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshirilgan.  

Xususan, Toshkent shahrida piyoda va velosipedda yurish uchun "Salomatlik yo‘laklari"ni tashkil etish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 20 million AQSH dollari miqdorida foizsiz ssuda ajratishi hujjatda ko‘rsatilgan.    

Yo‘laklarga qancha mablag‘ sarflandi, degan savolga javob olish anqoning urug‘ini qidirib topishdek gap. Lekin yo‘laklar nega sifatsiz qilindi, nega sifatsiz mahsulot ishlatildi, nega shu ish bajarilayotganda vijdon ishlatilmadi, degan savollar egasini topishi kerak. Axir shuncha mablag‘ sarflab bajarilgan ish  bir yilga bormay barbod bo‘lishi sharmandalik emasmi?      

Norgul Abduraimova, O‘zA