Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kecha mamlakatimizga Turkmanistondan 22 million kilovatt soat elektr energiyasi import qilindi
07:22 / 2024-02-28

Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 27-fevral kuni mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 700 MVtgacha cheklovlar kiritilgan. Bu qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketgani hamda aholi iste’molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning oshib borishi bilan bog‘liqdir.

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda vazirlik matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev bu haqda aytib o‘tdi.  

Unda ma’lum qilinishicha, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun, ya’ni 28-fevral kuni ham kunning tig‘iz paytlarida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.  

–Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past bo‘lishiga qaramay, 27-fevral kuni ham uning iste’moli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 154,7 million metr kubni tashkil qildi. Xususan, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda. Kecha mamlakatimizdagi 561 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 771 ming metr kub tabiiy gaz yetkazib berildi, –dedi H.Toshxo‘jayev.  

Tadbirda iste’molchilarga energiya resurslarini yetkazib berish va sovuq haroratda yuzaga kelayotgan nosozliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha barcha tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 5 ta nosozlik tezkor tarzda tuzatildi.  

Eslatib o‘tamiz, kecha bir kunlik elektr energiyasini ishlab chiqarish 240,9 million kilovatt soatni tashkil etgan. Iste’molchilarga esa 232,8 million kilovatt soat yetkazib berilgan. Bunda ishlab chiqarish va iste’mol  rejadagiga nisbatan 3 foizga ko‘pni ko‘rsatgan. Shuningdek, Turkmaniston Respublikasidan 22 million kilovatt soat elektr energiyasi import qilingan. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA