Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kecha dunyoda nimalar ro‘y berdi?
08:01 / 2017-12-29

Kobul shahrida xudkush terrorchilar ijtimoiy-madaniy markaz va axborot agentligiga hujum qilgan. Oqibatda 40 dan ziyod odam halok bo‘lgan, 80 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Afg‘oniston. Kobul shahrida xudkush terrorchilar ijtimoiy-madaniy markaz va axborot agentligiga hujum qilgan. Oqibatda 40 dan ziyod odam halok bo‘lgan, 80 dan ortiq kishi jarohatlangan. AFP agentligining xabar berishicha, ular orasida ayollar va bolalar ham bor. 

Mamlakat ichki ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, huruj portlovchi qurilmani harakatga keltirish orqali sodir etilgan. Terrorchilarning soni hozircha ma’lum emas. 

Reuters agentligining ma’lumotiga ko‘ra, “Afg‘oniston ovozi” axborot agentligining reportyori ham halok bo‘lgan.

Misr. Jangarilarning qurolli hujumi oqibatida yetti harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Bu haqda Al Jazeera telekanaliga asoslanib TASS xabar bergan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, terrorchilik hujumi Sinay yarimoroli shimolidagi Bir-el-Abd aholi punkti yaqinida sodir etilgan.
Bu yerda shunday voqea noyabr oyi oxirida ham ro‘y bergan edi. O‘shanda Er-Rauda masjididagi ibodat vaqtida uyushtirilgan terakt oqibatida 300 dan ziyod odam qurbon bo‘lgan edi.

Reyunon. Hind okeanidagi ushbu orol yaqinida polshalik dengizchi qutqarib olindi. Bu haqda Reuters agentligi xabar tarqatdi.
 
Ma’lum bo‘lishicha, 54 yoshli dengizchining yo‘qolganiga 7 oy bo‘lgan. U may oyida Komor orollaridan yo‘lga chiqqan. Qo‘ldan yasalgan qayig‘i ko‘p o‘tmay buzilib qolgan. Navigatsiya va aloqa vositalarisiz bo‘lgan dengizchi Indoneziya, Maldiv va Mavrikiy orollari o‘rtasida oqim bo‘ylab suzib yuravergan.

U sabr-matonati va oziq-ovqatdan tejab foydalangani tufayli omon qolgan. O‘zining aytishicha, bir kunda tez tayyorlanadigan supning yarmini yegan, qolganini keyingi kunga asrab qo‘ygan.

“Hozirgina non yedim va oyog‘im yerga tekkanidan xursandman” deydi dengizchi.

Siz uni qutulganiga shukur qilib, yurtiga qaytib ketar deb o‘ylarsiz. Hayron qolarlisi, u o‘z qayig‘ini tuzatib yana safarga chiqmoqchi.

Anvar Samadov tayyorladi.