O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Oqmachit mahallasida yashovchi fuqaro T.A Qizil kitobga kiritilgan kavrak (Ferula tadshikorum) o‘simligining 295 kilogramm 540 gramm urug‘ini olib ketayotgan vaqtida qo‘lga tushdi.

T.A tegishli ruxsatnoma (kvota)siz tojik kavrak urug‘ini noqonuniy yig‘ishtirib, O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni 36-moddasi talabini buzgan holda shikastlanishiga yo‘l qo‘ygan. Noyob o‘simlik dunyosiga 44 million 331 ming so‘mlik zarar yetkazgan.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasidan ma’lum qilinishicha, mamlakatimizda o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararni tegishli tartibda va shartlarda qoplash belgilangan. Zararning qoplanishi aybdorlarni javobgarlikdan ozod etmaydi.

Ayni paytda tojik kavragi o‘simligining urug‘i qonuniy to‘xtamga kelinguncha viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi omborxonasida saqlanmoqda. Holat yuzasidan Denov tumani prokuraturasi tegishli surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA