Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kavrak maydonlari 13,5 ming gektarga qisqargan
18:45 / 2023-03-13

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga uning doimiy foydalanishida bo‘lgan yaylov yerlarida o‘sadigan yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligidan maxsus foydalanish hamda uni O‘zbekistondan olib chiqish uchun ruxsatnoma berish vakolatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilyapti.

Shuningdek, Soliq kodeksiga Yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish uyushmasi sub’ektlarida faoliyatini amalga oshirayotgan mavsumiy ishchilar tomonidan 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi bo‘yicha ijtimoiy soliq to‘lanishini, shuningdek, soliq to‘lovchilarning ipak qurti urug‘ini va pillani yetishtirishdan, pillani qayta ishlashdan, tayyor ipak mahsulotlari va ipakchilik tarmog‘i uchun yordamchi materiallar (pilla o‘rash uchun sun’iy tutqichlar) ishlab chiqarishdan olingan daromadlari aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ozod etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, bugun ichki va tashqi bozorda kavrakka bo‘lgan talab oshib bormoqda. Ammo bu dorivor o‘simlikning tabiiy tarqalgan maydonlari borgan sari qisqarmoqda. Yurtimizda 2015 yilda 54 ming gektar yer maydonida kavrak o‘sgan bo‘lsa, hozirda bu maydon 13,5 ming gektarga qisqargan. Shu bois ushbu o‘simlikni madaniy usulda ko‘paytirish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirish lozim. Qolaversa, yovvoyi holda o‘suvchi kavrakning tabiiy zaxiralarini saqlab qolish, ularning tiklanishini ta’minlash, kavrakning madaniy plantatsiyalarini yaratish zarur.

Bu borada mazkur qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan masalalar muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Qonun loyihasining qabul qilinishi kavrak o‘simligining tabiiy zaxiralaridan oqilona foydalanilishini va ularning tiklanishini ta’minlashga xizmat qiladi.  

M.Komilova, O‘zA