Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kattaqo‘rg‘onda yiliga 500 million kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqariladi
16:26 / 2024-01-05

2024 yil arafasida mamlakatimizda umumiy quvvati 2400 megavatt bo‘lgan oltita yirik quyosh hamda shamol stansiyasi tarmoqqa ulandi.

Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida uchta quyosh elektr stansiyasining birinchi bosqichi barpo etildi. Mazkur kompaniya bugungi kunda dunyoning 40 dan ortiq davlatida, xususan, yurtimizda ham yirik quyosh, shamol elektr stansiyalari qurib, boshqarib kelmoqda. 

Ayni paytda Kattaqo‘rg‘on tumani Meylixo‘ja mahallasi hududida qurilayotgan va yaqinda tarmoqqa ulangan quyosh elektr stansiyasi ham “Masdar”ning istiqbolli loyihalaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 14 yanvardagi “Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 220 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha uchun kompaniya tomonidan 180 million dollar investitsiya yo‘naltirilgan. 

Stansiya uchun qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 438 gektar yer maydonida 452 mingta quyosh paneli o‘rnatildi. Ular orqali yiliga 500 million kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu 208 ming xonadonning bir yillik iste’moliga tengdir. 

Hozir stansiya qurilishi ishlarida 700 kishi mehnat qilmoqda. Ularning asosiy qismi mazkur hudud aholisi hisoblanadi. Inshoot ishga to‘la quvvatda ishlay boshlagach 30 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on quyosh elektr stansiyasining ishga tushishi natijasida yiliga 152 million kubometr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 200 ming tonna zararli gazlar chiqishi oldi olinadi. Tejaladigan tabiiy gaz 63 mingdan ziyod xonadonning bir yillik iste’molini tashkil qiladi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri