English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kattaqo‘rg‘onda sud qarori bilan 7,5 milliard so‘mlik noreal qarzdorlik bekor qilindi
12:53 / 2024-09-07

Fuqaro O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Kattaqo‘rg‘on tuman jamiyatiga shikoyat arizasi kiritgan edi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Samarqand viloyati birlashmasi va tuman (shahar) jamiyatlari iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishda muhim ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, iste’molchilardan tushgan murojaatlar asosida sudlarga da’vo arizalari kiritilib, ularning moddiy va ma’naviy zararlarini qayta hisob-kitob qilish ishlari ko‘plab hollarda ijobiy natijalarga olib kelmoqda.

Yaqinda yana bir iste’molchining manfaatlari sudda himoya qilinib, unga nisbatan belgilangan 7.540.084.756 so‘mlik noreal qarzdorlik sud qarori bilan bekor qilindi.  

Federatsiya matbuot xizmatiga ko‘ra, bu holat Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumani «Yakkabog‘» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro A.R. bilan bog‘liq bo‘lgan. Uning xonadonidagi elektr hisoblagichi Kattaqo‘rg‘on tuman Qoradaryo elektr ta’minoti korxonasi tomonidan tekshirilganda, 2022 yil aprel oyida 9.999.890 kVt elektr energiyasiga teng 5.175.055.374 so‘m miqdorida qarz, shuningdek, muddati o‘tgan qarzdorlik uchun 2.365.029.381 so‘mlik penya noto‘g‘ri hisoblangan. Jami 7.540.084.756 so‘mlik noreal qarzdorlik belgilangan.

Mazkur qarzdorlikdan norozi bo‘lgan fuqaro A.R. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Kattaqo‘rg‘on tuman jamiyatiga shikoyat arizasi kiritgan. Tuman jamiyati mas’ullari bu vaziyatni batafsil o‘rganib, elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan xatolik yuz berganini aniqlagan. Korxona mas’ul xodimlari va rahbariyatining e’tiborsizligi tufayli 7,5 milliard so‘mlik noreal qarzdorlik elektr tarmoqlari hisobotlar bazasiga noto‘g‘ri kiritilgan.

Shundan so‘ng, tuman jamiyati tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Natijada, sud qarori bilan fuqaro A. R. ga nisbatan belgilangan noreal qarzdorlik bekor qilingan.

O‘zA