Markaziy harbiy okrugning Kattaqo‘rg‘on dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon mudofaa vazirliklari bo‘linmalari ishtirokida “Birlik – 2025” mintaqaviy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Bugungi kunda izchil rivojlanish va barqarorlik mustahkamlanib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida davlatlar o‘rtasida harbiy sohadagi hamkorlikni kuchaytirish, tajriba va amaliy bilim almashinuvni yo‘lga qo‘yishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Bu boradagi hamkorlik nafaqat mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, balki umumiy tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi, shubhasiz. Shu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Qurolli Kuchlari ishtirokidagi eng yirik va salmoqli o‘quv mashg‘ulotlaridan biri bo‘lgani ta’kidlandi.
[gallery-25847]
“Birlik – 2025” mintaqaviy o‘quv mashg‘ulotlarida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasi harbiy bo‘linmalari ishtirok etdi. Ular hozirgi zamon jangovar tajribasidan kelib chiqqan holda jang olib borishning eng samarali uslub va usullarini qo‘llash, uzoq masofalardagi nishonlarni ishonchli yo‘q qila oladigan artilleriya, uchuvchisiz uchish apparatlari, zirhli texnika va boshqa qurollardan foydalanish bo‘yicha mahoratlarini namoyish etdilar. Shuningdek, ishtirokchilarning harbiy soha bo‘yicha bilim va intellektual qobiliyati ham sinovdan o‘tkazildi. O‘quv-mashg‘ulotlar qatnashchilari qo‘yilgan o‘quv-jangovar vazifalarni birgalikda bajardilar va o‘zaro tajriba almashdilar.
O‘quv mashg‘ulotlarining yakuniy bosqichini 20 oktyabr kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari mudofaa vazirlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan qo‘shni davlatlar mudofaa vazirlari hamda Ozarbayjon mudofaa vaziri Kattaqo‘rg‘on dala-o‘quv maydoniga kelib bevosita kuzatdilar. Shuningdek, vazirlar dala-o‘quv maydonida mashg‘ulotlar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, yerosti birlashgan qo‘mondonlik punkti, dala ta’mirlash zavodi faoliyati va qo‘llanilayotgan qurol-aslaha va harbiy texnika namunalari bilan yaqindan tanishdilar.
“Birlik – 2025” mintaqaviy o‘quv mashg‘ulotlari nafaqat jangovar mahorat va qo‘shinlar o‘zaro hamkorligini oshirish, balki ishtirokchi mamlakatlar harbiylari o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari