English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kattaqo‘rg‘on tumani elektr ta’minoti korxonasi rahbarini iste’molchi pichoqladi
10:00 / 2022-04-14

RASMIY MUNOSABAT

Kuni kecha Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Qoradaryo elektr ta’minoti korxonasi rahbari elektr energiyasi iste’molchisi tomonidan pichoqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, tumanda faoliyat yurituvchi "Zarina fayz kelajagi" MCHJ korxonasi elektr energiyasidan 57 million so‘mlik muddati o‘tgan qarzdorligi uchun tuman elektr ta’minoti korxonasi mas’ullari tomonidan o‘chirilgan.

Shundan so‘ng, MCHJ rahbari  Qoradaryo elektr ta’minoti korxonasi rahbari Pirxon Nazarovdan elektr energiyasidan qarzdorligi mavjud bo‘lsada, tarmoqqa qayta ulab berishni talab qilgan. Korxona rahbari, o‘z navbatida, qarzdorlik to‘liq bartaraf etilgach, iste’molchi tarmoqqa qayta ulanishini ma’lum qilgan.

Korxona rahbarining asosli talabini bajarishni istamagan MCHJ rahbari kelishmovchilik davomida o‘zi bilan yonida olib kirgan pichoq bilan o‘qtalib, tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbarining bo‘yin qismiga jarohat yetkazadi.

Hozirda tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari shifoxonaga joylashtirilgan va shifokorlar nazoratida.  Ahvoli qoniqarli. O‘tkazilgan tahlillar natijasida uning chap tomonlama bo‘yin old yon sohasida kesilgan jarohat borligi aniqlangan.

Ayblanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida ish qo‘zg‘atilgan hamda protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olingan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, joriy yilning 1 aprel kunidan boshlab Samarqand viloyatida "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan joylarda elektr energiyasidan katta miqdorda qarzdor bo‘lgan hamda turli xil yo‘llar bilan tarmoqqa noqonuniy ulanib olgan tadbirkorlik sub’ektlari va aholi xonadonlarini aniqlash hamda tegishli tartibda ayni qonunbuzarlik uchun jarimaga tortish yuzasidan chora-tadbirlar  olib borilmoqda. Xususan, 13 kun mobaynida ishchi guruhi tomonidan viloyatda 130 dan ortiq iste’molchi elektr energiyasidan o‘g‘rincha foydalanayotganligi aniqlanib, ular tomonidan yetkazilgan 1334,8 ming kVt•soat elektr energiyasi yoki  400,4 million qayta hisoblandi.

"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Matbuot xizmati.

O‘zA.