Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kattachek – obod mahalla
08:40 / 2024-01-12

FOTOREPORTAJ

Kattachek – Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi obod va farovon mahallalardan. Ushbu go‘shada 730 xonadonda 3900 nafardan ortiq fuqaro istiqomat qiladi.  

Mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi o‘zaro hamkorlikda va hamjihatlikda samarali ish faoliyatini yo‘lga qo‘ygani natijasida oilaviy qadriyatlar mustahkamlanib, mahalla infratuzilmasi tobora yaxshilanmoqda, aholi bandligi ta’minlanmoqda. Jumladan, o‘tgan yil davomida 89 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga olinib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi.  

Mahalla ahlining o‘zaro birdamligi tufayli hududda kattagina “Yashil makon” yaratilib, bog‘da mevali daraxt ko‘chatlari parvarishlanmoqda. 2023 yilgi bahor mavsumida ham mahalla ahli mazkur bog‘ga 5 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekdi.  

Mahallada “Oqila ayollar harakati” tuzilgan bo‘lib, ular o‘z faoliyati bilan yosh kelinlar, turmush ostonasida turgan qizlarga o‘rnak va ibrat bo‘lib, kezi kelganda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelmoqda. Harakatning faol a’zolari Zulfiya Sadirova, Oqilaxon Qurbonova xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikda yosh qizlar o‘rtasida kiyinish madaniyati, erta nikoh, erta tug‘uruq, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kabi mavzularda targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlarini olib bormoqda.

Shuningdek, profilaktika inspektori bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha uchrashuv, davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.

Mahallaning faol onaxonlaridan Temirjon Mamajonova tashkil etilayotgan tadbirlarda hamisha faol. U o‘zidagi bor hayotiy tajribani yoshlarga ulashgisi keladi. Onaxonlarning yoshlarga berayotgan o‘git va nasihatlari, boy hayotiy tajribalari tufayli Kattachek mahallasi obod, oilalar turmushi esa farovon.

[gallery-15417]

2024 yilda Kattachek mahallasini yanada ulkan o‘zgarishlar kutib turibdi. Qishloqdagi maktab qayta ta’mirlanib, qo‘shimcha bino quriladi. Qishloq vrachlik punktiga laboratoriya binosi bunyod etiladi. Shuningdek, yo‘llar, elektr, ichimlik suvi tarmoqlari yaxshilanadi.

Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA