Samarqand shahridagi O‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi studiyasidan bir vaqtda respublikamizning barcha hududlarida 30-70 yosh va undan katta yoshdagi yurtdoshlarimizdan sport sinovlarini qabul qilishga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov ishtirok etdi va barchaga muvaffaqiyat tiladi.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish maqsadida yurtimizda 11 yosh toifasi bo‘yicha “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari olinmoqda.

Sport sinovlarining ixtiyoriy va maxsus talablarini bajarish uchun mahalla va maktablarda sport inshootlari tanlab olingan bo‘lib, ishtirokchilar uzoq va qisqa masofaga yugurish, yurish, basketbol savatchasiga to‘p kiritish, uzun va qisqa masofaga sakrash, granata uloqtirish kabi sport mashg‘ulotlarini bajarmoqda.

– Viloyatimizda joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 471 ming 919 nafar, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha 4563 nafar fuqaro sport sinovlarini topshirdi, – deydi Samarqand viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Nurmonov.

– Oktyabr-noyabr oylarida 30 yoshdan 70 yoshgacha va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida sport sinovlari olinadi.

Jismoniy tayyorgarlik me’yorlarini bajargan fuqarolarning tahliliy ma’lumotlarini yagona elektron bazada yuritish amaliyoti joriy etilgan bo‘lib, my.sport.uz platformasida “Sport sinovlari” axborot tizimiga joylashtirib borilmoqda.

Sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan ishtirokchilar “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, g‘oliblarga ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik beradigan sertifikatlar taqdim etiladi
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA