Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Katta yoshdagilarning ta’lim olish huquqi mustahkamlanadi
18:00 / 2025-07-14

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi partiya dasturiy vazifalari nuqtai nazaridan ko‘rib chiqildi. 

Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi ta’lim sohasidagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va katta yoshdagilarning ta’lim olish huquqini mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan. Amaldagi bir qator qonunlarga turli o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan. 

Amaliyotda katta yoshdagi fuqarolarga chet tillari kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash faoliyati doirasida o‘rgatilmoqda. Biroq “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, kadrlarni qayta tayyorlash tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarning zarur hajmi egallanishini ta’minlaydi. Kadrlar malakasini oshirish esa kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarning chuqurlashtirilishi hamda yangilab borilishini ta’minlaydi, kadrlarning toifasi, darajasi, razryadi va lavozimi oshishiga xizmat qiladi. Qonunchilikdagi mazkur bo‘shliqlar qonun talablari sun’iy ravishda buzilishini keltirib chiqarayotgan edi. 

Qonunga kiritilayotgan qo‘shimcha ta’lim turi ushbu sohada huquqni to‘g‘ri qo‘llash amaliyotini ta’minlagan holda amaliyotdagi tushunmovchilik va muammolarni hal qilishga qaratilgan. 

Shuningdek, yana bir o‘zgarish – "maktabdan tashqari" atamasini "qo‘shimcha ta’lim"ga almashtirish, ta’lim turlarini qayta ko‘rib chiqish, nodavlat faoliyatni xabardor qilish tartibida amalga oshirish va vakolatli organlarni belgilash ko‘zda tutilmoqda. 

Fraksiya a’zolari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, bir qator taklif va tavsiyalarni bildirdi. 

M.Komilova, O‘zA