Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’limning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda
10:40 / 2025-07-24

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilganidek, bugun respublikamizda 2 ming 392 ta nodavlat maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. Xususan, bolalar va o‘smirlar ijodiyoti saroylari, uylari, klublari va markazlari, “Barkamol avlod” bolalar maktablari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari, bolalar musiqa va san’at maktablari, studiyalar, axborot-kutubxona hamda sog‘lomlashtirish muassasalari bolalarning bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun maktabdan tashqari ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.  

Shu bilan birga, aksariyat o‘quv markazlari, axborot-kutubxona va sog‘lomlashtirish muassasalarida katta yoshdagilarga ham ta’lim berib kelinmoqda. Mazkur holatlar, o‘z navbatida, katta yoshdagi fuqarolarning bu kabi maskanlardan foydalanishlari uchun aniq huquqiy asoslarni yaratish va ularni mustahkamlashni talab etadi.  

[gallery-24461]

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha ta’lim tushunchasini “bolalar uchun ta’lim” va “katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’lim” turlariga ajratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritish taklif qilinmoqda.  

Qonun loyihasida bolalar va katta yoshdagilarning ijodiy qobiliyatini shakllantirish, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish nazarda tutilyapti.  

Deputatlar, soha mutaxassislari, xususiy sektor vakillari qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, undagi ayrim moddalarni takomillashtirish hamda mavjud bo‘shliqlar bo‘yicha taklif va tavsiyalarini berdi.  

— Hozirgi vaqtda axborot kutubxonalarida yoki sog‘lomlashtirish maskanlarida bolalar bilan birga, kattalar ham o‘z intellektual salohiyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini olib borish maqsadida qo‘shimcha ta’lim olmoqda, — deydi deputat Sayyora Imomova. — Amaliyotda “qo‘shimcha ta’lim” tushunchasi bor edi, lekin bu qonunchilikda “maktabdan tashqari ta’lim” deb nomlanardi va katta yoshdagi aholining ta’lim olishlari uchun huquqiy asoslar mavjud emas edi. Qonun loyihasi bilan mana shu huquqiy asoslar mustahkamlab qo‘yilmoqda.  

Muhokamalarda xususiy ta’lim markazlari vakillari, sohadagi tadbirkorlar ham o‘z fikr va takliflarini berdi. Qonun loyihasining muhimligi alohida e’tirof etildi.  

Muhtarama Komilova,  

Asliddin Alijonov (surat), O‘zA