Rossiya-Ukraina
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida fikricha, Ukraina atrofidagi ziddiyat uzoq davom etadigan jarayonga o‘xshaydi. Shuning uchun ham “Katta yettilik” sammiti Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga sodiq qolishi zarur. Kisida bu haqda “NHK” telekanali muxbiri bilan suhbatda aytgan.
MAGATE va Shveysariya may oyida Ukrainadagi AESlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aloqani faollashtirdi, dedi Shveysariyaning BMTdagi doimiy vakili Per Gobe. Diplomat batafsil tafsilotdan bosh tortdi, deyiladi xabarda.
“Reuters” xabariga ko‘ra, MAGATE bosh direktori Rafael Grossi may oyi oxirigacha Zaporoje AESda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashiga rasmiy hujjat kiritishi kutilmoqda.
BMT Bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik bayonotiga ko‘ra, tashkilot o‘z Nizomiga, Bosh assambleyaning xalqaro huquqqa oid rezolyutsiyalariga muvofiq, Ukraina nizosini hal etishga qaratilgan har qanday tinchlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi.
AQSH Ukraina ziddiyatini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha Prezident Vladimir Zelenskiy ma’qullagan barcha tashabbuslarni qo‘llaydi. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi strategik kommunikatsiya bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi ma’lum qildi. “Tashabbuslar amalga oshadigan, pishiq-puxta, barqaror bo‘lmog‘i lozim”, degan u.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg fikricha, qarshi hujum bo‘yicha tezkor qarorni Ukrainaning o‘zi qabul qiladi, Shimoliy Atlantika alyansi bu borada zarur ko‘mak berishda davom etadi.
– Ukrainaga ko‘p qurol-aslaha, o‘q-dori zarur, vositalar turi esa vaziyatga qarab o‘zgarib turibdi, – qo‘shimcha qildi Bosh kotib.
Vengriya Yevropa tinchlik jamg‘armasidan Ukrainaga 500 million yevro miqdoridagi harbiy yordamning navbatdagi qismi berilishiga qarshi chiqdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Amerikalik kongressmenlar davlat qarzi bilan bog‘liq muammo tufayli Qo‘shma Shtatlar kelajakda Ukrainani moliyaviy qo‘llab-quvvatlay olmasligidan xavotir bildirishmoqda. Bu haqda “Politico” gazetasi xabar berdi.
Bundestag mudofaa ishlari qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Simmerman Kiyevga mahalliy qiruvchi samolyot yoki “Tornado”, “Eurofighter” yetkazib berilishiga qarshi chiqdi. Bu haqda u “Deutschlandfunk” radiostansiyasi bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga “MiG-29” yoki “F-16” yetarli.
Kiyev G‘arb mamlakatlaridan 40-50 dona “F-16” qiruvchi uchog‘i olishi kerak. Bu haqda “Politico” nashri Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Yuriy Sakka tayanib ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya va Germaniyada “F-16” yo‘q, ammo Kiyev uchun ular AQSH va Turkiyaga murojaat qilishi mumkin.
Amerika ma’muriyati Kongress a’zolari orasidagi partiyaviy qarama-qarshilikka qaramay, Ukrainaga yordam berishda davom etadi. Bu haqda ismini ochiqlamaslikni istagan rasmiy “The New York Times” gazetasiga aytgan.
Abror XON,
O‘zA