Toshkentda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining hisobot-saylov yig‘ilishi jarayonida munosiblar va faxriylar taqdirlandi. Iste’dodlarga befarqlar tanqid qilindi. Rejalar belgilandi.
Odam bolasi borki, yangilikka qiziqadi. Ko‘p narsani bilgisi, har bir voqea-hodisadan xabardor bo‘lgisi keladi. Ayniqsa, o‘tgan yillar mobaynida jahon sport maydonlarida mamlakatmiz shon-shuhratini yuksaltirib kelayotgan sportchilar faoliyati, ularning katta sportga qanday kirib kelgani barcha uchun qiziqarli jarayon.
Shu ma’noda, bugungi kunda amaldagi olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni Akbar Jo‘rayev yoki bundan 6 yil muqaddamgi Rio olimpiadasi g‘olibi Ruslan Nuriddinov yuksak marralarga qanday erishganligiyu, ularga munosib bo‘lgan o‘rinbosarlar, iste’dodlar qayerlarda kamolga yetayotganligini bilishni istaydiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining 2021 yil yakunlari va 2022 yil rejalariga bag‘ishlangan hisobot-saylov konferensiyasida ko‘tarilgan masalalar shu haqda bo‘ldi.
Konferensiya kun tartibidagi masalalar xususida so‘z yuritgan murabbiy va mutaxassislar o‘tgan davr mobaynida iste’dodli sportchilarni kashf etish, ularni seleksiya qilish, joylarda yaratilgan shart-sharoitlar, murabbiylarning ish uslubi har tomonlama tahlil etildi.
Yaratilgan sharoitdan unumli foydalanmayotganlar bor
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘ribosari Shaxrulla Mahmudov 2021 yil yakunlari xususidagi hisobotida ta’kidlaganidek, epidemiologik vaziyat murakkab bo‘lishiga qaramasdan mamlakatimizda og‘ir atletika bo‘yicha 9 ta ichki chempionatlar o‘tkazilishiga erishilgan. Mazkur musobaqalar natijasida 1500 nafarga yaqin iste’dodli yoshlar o‘z yosh toifalaridagi bahslarda qatnashgan.Chempionlarning yangi-yangi izdoshlari kashf etilgan.
Ammo, bu quvonchli holat bo‘lish bilan birga ayrim hududlarda iste’dodli yoshlarni saralash turnirlariga keng jalb qilish ishlari qoniqarli emasligi, o‘tkazilayotgan musobaqalarda natijaning ortidan quvib, haqiqiy talantlarga e’tibor bermaslik, ularni aniqlash bo‘yicha davlat dasturlari joylarda bajarilmayotganligi bor haqiqatligi o‘rg‘ulandi.
Masalan, yil davomida Jizzax viloyati va Toshkent shahri turli yosh toifasi bo‘yicha mamlakat terma jamoasiga bitta ham nomzod sportchi taqdim eta olmagan. Shuningdek, bir paytlari mamlakatimizning nomdor og‘ir atletikachilariga maskan bo‘lgan, terma jamoalarning asosini tashkil etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyatidagi ishlar ham u qadar maqtagulik emas.
Vaholanki, yurtimizning barcha hududlarida olimpiya kollejlari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari bo‘lib, ularda og‘ir atletika bo‘limlari faoliyat ko‘rsatib turgan davrda bo‘lg‘usi chempionlarni kamolga yetkazishga yetarli e’tibor berilmayotganligi, manitoring ishlari xalqaro talab darajasida olib borilmayotganligi, davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanilmayotganligi achinarli holat ekanligi aytildi.
Ko‘p narsa murabbiyning ma’naviyatiga bog‘liq
Yutuqlar, g‘alabalar yurtniki, shu aziz Vatanniki, xalqniki ekanligiga urg‘u berilib, muvaffaqiyatlarga maxliyo bo‘lmasdan kelajakdagi nufuzli musobaqalarda, yozgi Osiyo o‘yinlari va 2024 yilgi Parij Olimpiadasida xalq ishonchini oqlash mamlakat og‘ir atletikachilarining doimiy birlamchi vazifasi ekanligi e’tirof etildi.
– Bitta iste’dodni aniqlash, uni to‘g‘ri yo‘naltirish qanchalik murakkab jarayon. Nomdor sportchilarimiz o‘z-o‘zidan katta sport maydonida paydo bo‘lib qolmagani barchaga ma’lum. Andijonlik va Toshkent viloyati murabbiylari buni yaxshi tushunishadi. Ko‘pchilikning yodida. Ruslanning musobaqadan musobaqaga qay tarzda o‘sib borganligi yoki Akbar Jo‘rayevning og‘ir atletikaga kirib kelish jarayoni. Albatta, mamlakat miqyosida kuchli sportchilar ko‘p. Har yili O‘zbekiston chempionatlarida o‘nlab chempionlar aniqlanmoqda. Biroq, jahon maydonlarida chempion bo‘layotganlar kam. Buning tub sababi iste’dod va uning har tomonlama tarbiyasiga, yashayotgan muhitiga, atrofidagi odamlarga va eng avvalo murabbiylarning manaviyatiga bog‘liq. Shu ma’noda, xalqaro darajada ham dunyo zo‘rlaridan-da zo‘r bo‘lish uchun iste’dod, mehnat talab etiladi.
O‘tgan yilgi yorqin sport yulduzlarimizning bugungi maveqiga yetishishi uchun bundan ancha yillar muqaddam hammamiz birgalikda harakat boshlagan kunlar kechagidek yodimizda. O‘tgan yil oxirida poytaxtimizda o‘tgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan yosh sportchilarimiz Doston Yoqubov, Zafarjon Solijonov va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston sporti tarixida ilk bor og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionligiga erishgan Tursunoy Jabborovaning yutuqlari murabbiylarning fidoyi mehnatlari maxsuli bo‘ldi. Ayni holatni, o‘sha o‘tgan yillarda bosib o‘tilgan yo‘lni nazarda tutgan holda seleksiya ishlariga jiddiy e’tibor qaratmog‘imiz lozim, – dedi Sh.Mahmudov.
Kasaba uyushma vakili munosib vazifaga saylandi
Xisobot-saylov yig‘ilishi davomida og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev 2022 yil mobaynida o‘tkaziladigan ichki chempionatlar, xalqaro musobaqalar, yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning borishi, Xitoyda o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati, Parij-2024 olimpiya o‘yinlari uchun joriy etilgan yangi vazn toifalariga terma jamoa a’zolarini moslashtirish kabi qator mavzular bo‘yicha atroflicha to‘xtaldi. Yig‘ilganlarga og‘ir atletika bo‘yicha murabbiylar kengashining kelgusi o‘quv-mashg‘ulot rejasi, sportchilarni tayyorlash metadologiyasini taqdim etdi.
Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va qator manfaatdor tashkilotlarning mutasaddilari qatnashgan konferensiya tanqidiy va chuqur tahlil asosida o‘tdi. Uning yakunida og‘ir atletika federatsiyasining keyingi to‘rt yillik faoliyati uchun tashkilot rahbar organiga nomzodlar saylandi.
[gallery-5546]
Unga ko‘ra, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining amaldagi rahbarlari Botir Zokirov, Shaxrulla Mahmudov, Rashid Matkarimov o‘z vazifalariga qayta saylangan bo‘lsa, O‘zbekiston kasaba ushmalari sport jamiyati rahbari Bahodir Tojiyev, O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligi vakili Mirabbos Inoyatov, O‘zbekiston farmakologiya tizimidagi tajribali mutaxassislardan biri Rahmon Xolmirzayev federatsiyada joriy etilgan yangi rais o‘ribosarlari vazifalariga jamoatchilik asosida saylanishdi.
Munosiblar moddiy rag‘bat olishdi
Mazur hisobot-saylov konferensiyasi doirasida o‘z vaqtida bir qator rekordlar o‘rnatib, jahon sport maydonlarida barchani lol qoldirgan, yuzlab shogirdlarning murabbiyi Erkin Karimovning 80 yoshlik yubileyi hamda Toshkentda kattalar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lgan sportchilarimizni taqdirlash marosimlari ham tashkil etildi.
Sportimiz faxriysi, 20 asr o‘zbek sporti nomini g‘alaba va rekordlari bilan jahon og‘ir atletika maydonida muxrlagan Erkin Karimovga qator tashkilotlarning esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Vatanimiz sport salohiyatiga munosib hissa qo‘shgan, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan sportchilar esa 100, 80, 70, 50 va 30 million so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Parij-2024 da nomdor sportchilarimiz qaysi vaznlarda qatnashadi?
Tadbirlar yakunlandi. Munosiblar taqdirlandi. Kelgusi rejalar belgilandi. Ammo, 2024 yilgi olimpiya o‘yinlarida mamlakatimizning nomdor og‘ir atletikachilari aynan qaysi vaznlarda ishtirok etish masalasi hali ochiqlanmadi. Terma jamoa bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyevning fikricha, mazkur masala joriy yil Xitoyda o‘tadigan Osiyo o‘yinlaridan keyin uzil-kesil hal etiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov(surat), O‘zA