Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Katta sayyoralar paradi (+video)
13:50 / 2026-02-28

Joriy yilning 28-fevral kuni O‘zbekiston aholisi noyob astronomik hodisa — oltita sayyora ishtirokidagi paradni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ma’lum qilishicha, ushbu hodisada Quyosh tizimining oltita sayyorasi — Merkuriy, Venera, Neptun, Saturn, Uran va Yupiter bir vaqtning o‘zida osmon gumbazida namoyon bo‘ladi.

Mazkur astronomik hodisani mamlakatimizning barcha hududlaridan Quyosh ufqqa botganidan so‘ng kuzatish mumkin. Sayyoralar osmon sohasining taxminan chorak qismini egallagan holda, uning janubiy-g‘arbiy qismida joylashadi. Paradda ishtirok etuvchi sayyoralarning ko‘rinishi quyidagicha bo‘ladi:

Oddiy ko‘z bilan: Merkuriy, Venera, Saturn va Yupiter sayyoralarini maxsus asboblarsiz ko‘rish mumkin.

Optik qurilmalar yordamida: Neptun va Uran sayyoralari o‘zlarining juda xiraligi sababli faqat teleskop yoki binokl yordamida ko‘rinadi.

Merkuriy va Venera sayyoralari Quyoshga yaqin masofada joylashgani sababli, parad vaqtida ufqqa juda past nuqtada bo‘ladilar, bu esa ularni kuzatishni biroz qiyinlashtirishi mumkin. Saturn, Neptun, Venera va Merkuriy bir-biriga juda yaqin masofada joylashib, Quyosh botgandan so‘ng unga ergashgan holda ufqqa bota boshlaydilar. Shu sababli, mutaxassislar ushbu sayyoralarni yaxshiroq ko‘rish uchun g‘arbiy ufq manzarasini baland binolar to‘smaydigan tepaliklar yoki ochiq maydonlardan kuzatishni tavsiya etadi. Ta’kidlash joiz, Mars sayyorasi ushbu paradda ishtirok etmaydi, chunki u Yerdan qaralganda Quyoshdan oldin ufqqa botib ketadi.

Ilmiy tilda “sayyoralarning bir safga tizilishi” ikki yoki undan ortiq sayyoralarning Quyoshning bir tomonida to‘g‘ri chiziqda yoki bir-biriga yaqin (20-30 gradusli) burchak masofada joylashishini anglatadi. “Sayyoralar paradi” esa ushbu hodisaning norasmiy ta’rifi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Astronomiyada paradlarning quyidagi turlari farqlanadi:

Kichik parad: To‘rttagacha sayyora ishtirok etadi va taxminan yilda bir marta sodir bo‘ladi.

Katta parad: Beshta va undan ortiq sayyora bir-biriga yaqin burchak masofada to‘planadi. Bunday hodisa kamyob hisoblanib, har 18–20 yilda bir marta kuzatiladi.

To‘liq parad: Quyosh tizimidagi barcha sayyoralar ishtirokidagi o‘ta noyob hodisa bo‘lib, u taxminan 170 yilda bir marta yuz beradi.

Batafsil:

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ECq-YQCe3NE" title="Katta sayyoralar paradi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhayyo Turdaliyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA