Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
KATTA QIRG‘IN: Germaniyadan qaytib otilgan o‘zbeklar yoxud dunyoga katta kuch deb tanilgan Turkiston yoshlari taqdiri
18:00 / 2022-02-16

Bugun boshqa mamlakatda yashash istagi aksar yoshlarining orzusiga aylanmoqda.

Koʻplab ilmli vatandoshlarimiz dunyoning turli burchaklarida muhim sohalar rivojiga hissa qoʻshyapti. Tarixda oʻxshashliklar koʻp: XXasr boshlarida ham bir guruh oʻzbek yoshlari Yevropa sari yoʻl olgandi. Ammo, ular boshqa bir davlatda qoʻnim topish orzusidan farqli, mintaqamizning iqtisodiy-ijtimoiy, ilmiy-madaniy taraqqiyoti uchun bu yoʻlga qadam bosishadi!

XX asr 20 yillarning soʻngida Turkiston yoshlari Germaniyada eng muhim sohalar boʻyicha tahsilni tamomlab, murakkab va tahlikali bir paytda vatanga qaytib keldi. Ular dunyo ilm-fani va rivojlangan davlatlar tarixidan xabardor boʻlgani barobarida, ulugʻ Turkistonni barpo etishday katta maqsad tegrasida birlashdi. Biroq, mustabid Shoʻro hukumati hur fikr, taraqqiyparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan va oʻz davrida “katta kuch” deb tan olingan bu yoshlarni koʻp oʻtmay qatagʻon qilichidan oʻtkazdi...

OʻzA oʻtgan sonlarda qatagʻonga uchragan oʻzbek ayollari bilan tanishtirgan boʻlsa, endi Yevropadan qaytgach yoʻq qilingan yurtdoshlarimiz qismatidan voqif qiladi. Mazkur maqolada Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Bahrom IRZAYEV Turkiston yosh jadidchilaridan, Germaniyada oʻqigan yosh shifokor Bahouddin Aminjonov haqida hikoya qilgan:

1922-yilning kuzida Germaniyaga tahsil olish uchun Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tomonidan yoʻllangan 55 talaba orasida Bahovuddin Aminjonov ham bor edi.

Bahovuddin Aminjonov Oʻrta Osiyoda silga qarshi kurashgan shifokor sifatida tarixdan oʻrin olgan. Uning qisqa hayotida amalga oshirgan ishlari hayotga tashna, yosh Turkiston farzandining nechogʻlik vatan oldida oʻzini dahldor sezishini isbotlaydi.

U avval jadid maktabida savod chiqaradi, keyin madrasa taʼlimini olib fors, arab tillarini mukammal egallaydi. 1922-yilning kuzida otasi Bahovuddinni Germaniyaga tahsil olishga joʻnatadi.

Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga yoʻllangan talabalar uchun masʼul etib tayinlangan Olimjon Idrisiyning maʼlumotiga koʻra, tabiatan nozik Bahovuddin Germaniyada bir qancha vaqt davolanishga majbur boʻlgan.

Oʻzi bilan borgan oʻquvchilar oʻrtasida esa oʻta iqtidorliligi bilan ajralib turgan.

U xususiy oʻrta maktabda, shundan soʻng tibbiyot sohasida taʼlim olishga kirishdi va Berlin universitetining tibbiyot fakultetida oʻqishni davom ettirgan ham.

Bahovuddin vatandagi ogʻir iqtisodiy-ijtimoiy ahvoldan yaxshi xabardor boʻlgan. Hududda sil kasalligi avj olgan, Sovet davlatida bu kasallikka qarshi qarshi kurash uchun pul ham, tibbiy xizmat ham mavjud emasdi.

OʻRTA OSIYODA SILGA QARSHI KURASHGAN SHIFOKOR

Bahovuddin Turkiston matbuoti orqali sil kasalligiga qarshi kurashdi. U “Yer yuzi” jurnalidagi chiqishlarida tibbiy salomatlikni tiklash, turli havfli kasalliklarni oldini olish haqida maqolalar eʼlon qilib turgan. Oʻshanda mintaqada zamonaviy tibbiyot ilmi rivojlanmagandi. Shunday vaqtda, Bahouddinning odamlar uchun zarur tibbiy maʼlumotlarni yetkazib turishi katta yangilik edi. U maqolalarida inson sogʻligʻi uchun eng zarur va eng kamxarj yoʻl sifatida jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish kerakligini aytadi.

u oʻz maqolasida quyidagi amaliy tavsiyalarni beradi: “Tan harakatlarining bizga tegadurgon foydalaridan biri va muhimi insonning nafas olish apparatiga, umuman nafas olishgʻa va qon yurishiga boʻlgʻon taʼsiridir. Biz tan harakatlari qilib, aʼzolarimizni ishlattirganimizda ularga koʻproq havo, toʻgʻriroq aytganda havoning beshdan bir boʻlagi boʻlgan «muvallid ul-hamuza” (kislorod) gʻozi (gazi) kerak boʻladir va buni esa biz oʻpkamiz orqali olamiz. Biz qancha koʻp tan harakati, ispurt qilsak, shuncha koʻp nafas olamiz. Bu esa bizning foydamizdir. Biz tomoshagʻa chiqib bir ikki chaqirim yursak, nafas olishimiz odatdagidan ikki yarim misli ortadir. Uzoqroq vaqt, bir, ikki soat yursak, toʻrt-besh misli, agar togʻlarga chiqsak olti misli, tez chopsak 12 misli ortadir... Yurish, chopish, toqqa chiqish kabi harakatlar bilan ixtiyorsiz koʻproq nafas olish oʻrniga, oʻzimiz uydan tashqariga chiqib qattiq-qattiq nafas olsoq ham boʻladi...

Oʻpkamiz kuchlik boʻlsa, har xil yomon kasalliklarning mikroblari oʻpkamizga kirganda unda jon ola olmaydir va oʻpkamiz bu mikroʻblar bilan muvaffaqiyatlik suratda kurashadir. Bu kasalliklarning biri va eng yomoni tubirkuloʻz (sil) dir. Oʻpka kuchlik va sogʻ boʻlganida bu mikroʻblar hech narsa qila olmaydirlar va biz sogʻ qolamiz. Mana, tan harakatlari vujudni, oʻpkalarimiz sogʻlom qiladir, har xil kasallarga muqobala qilishda qurollangan boʻladir».

ILM YOʻLIDAGI MASHAQQAT

Maʼlum vaqt oʻtgach, Sovet hukumati Bahovuddinga oʻqish uchun stipendiya bermay qoʻyadi.

Bu vaziyatda Turkistonlik talabalarning yetakchilari Ahmad Naim, Sattor Jabbor, Said Ali Xoʻjalar birgalikda maslahatlashishadi va tahsilni tugallash uchun mablagʻ topish imkoniyatlarini izlashgan.

Ahmad Naim Polsha elchixonasidan, Bahovuddin Aminjonovga oʻqishini tugatishi uchun yordam soʻraydi. Ular buni SSSRning Germaniyadagi vakolatxonasidan yashirishga qaror qilgandilar. Chunki, bu paytda SSSR vakolatxonasi talabalarning hamma harakatlarini kuzatuvga olib, ularning taʼlimni tugatmasdan qaytarib yuborish uchun barcha choralarni koʻrgan.

Bahovuddin 1929-yil yanvar-fevral oylarida Varshavada yashagan.

Polsha hukumatidan yordam olishga erishib, xursandlik bilan Berlinga qaytganida, sovet maʼmurlari uni majburan Oʻzbekistonga qaytarib yubordi. SSSRga qaytgan Bahovuddin 1931-yil Oʻrta Osiyo Meditsina institutida oʻqishning keyingi qismini yakunladi va diplom olishi bilan ishga – Yaltadagi “Oʻzbekiston” sanatoriyasiga yoʻllanma oldi. Ammo, besh yil xizmat qilishi ortidan ishdan olinib, Toshkentga yuborildi. Toshkentdagi Respublika tubdispanseri, yaʼni sil kasalligini davolashga ixtisoslashgan shifoxonada ish boshlaydi.

Afsuski, koʻp oʻtmay endigina 33 yoshga toʻlgan Bahoviddin hibsga olindi.

QATAGʻON QILICHI

1937-yil 24-yanvar kuni Bahovuddin Aminjonov 1922-29 yillarda Germaniya va Polshada oʻqigan, “Mustaqil Turkiston” aksilsovet tashkilotining aʼzosi, Polsha razvedkasiga josuslik maqsadida yollangan, degan tuhmatlar asosida qamoqqa olindi. Uning ortidan turmush oʻrtogʻi Tanzila va 3 yoshli qizi Suriyalar qon yigʻlab qoldilar. Dastlabki soʻroqdanoq uning tahsilni tamomlash maqsadida pul topish uchun Polshaga borishi voqeasi zoʻr aksilsovet faoliyat sifatida koʻrildi. NKVD tergovchilari tomonidan tayyorlangan soʻroq bayonnomasiga koʻra, uning Berlin shahrining Sheneberg tumanidagi Xauptshtrasse koʻchasi, 96 uyda yashovchi Artur Merkshga qoʻngʻiroq qilgani, Germaniyada oʻqiyotgan doʻsti Afzal Abdusaidga xat yozgani, 1931-yil Sattor Jabbor Germaniyadan kelib, birinchi boʻlib Bahovuddinning uyiga borgani kabi holatlar josuslik faoliyati sifatida talqin etildi. Aslida esa Bahovuddin 1922-25 yillarda sugʻurta jamiyati rahbari Merkshning uyida ijarada turgan.

AYBLOV

Aminjonovning ayblov bayonnomasida u OʻzSSR Jinoyat Kodeksining 57 moddasi I qismi (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 64 (Sovet davlatiga qarshi terakt), va 67 (aksilinqilobiy tashkilotga aʼzolik) moddalari bilan aybdor deb topilgani qayd etilgan. “Uchlik” sudi atigi 15 daqiqa davom etdi. Bahovuddin Aminjonovga oʻlim jazosi buyurildi va hukm oʻsha kuniyoq ijro etildi.

“ADOLAT”

Bahovuddin Aminjonovga yuklangan ayblovlar afsuski faqat 1961-yilga kelibgina qayta koʻrib chiqilgan. Uning Samarqand shahridagi fabrikada ishlagan turmush oʻrtogʻi Tanzila Aminjonova soʻroqqa chaqiriladi. Soʻroqda ayol erining NKVD xodimlari tomonidan 1937-yil yanvarda qamoqqa olingani haqida aytadi. Shuningdek, oradan 9 oy oʻtgach uning oʻzini ham qamoqqa olishganini bayon etgan.

Tanzila Aminjonova ham 18 oy davomida qamoqda saqlangan. “Biror marta soʻroq savol boʻlmadi, faqat uzoqdan ikki marta meni Bahovuddinga koʻrsatishdi, ammo soʻzlashishga imkon berishmadi. Keyin qamoqdan chiqarib yubordilar” – deydi ayol.

Bu sovet tergovchilarining ayblanuvchilarning yaqinlariga tahdid solib, soxta bayonnomalarga imzo chekishi uchun qoʻllagan usuli edi. “Erim oʻta ilmli, vijdonli va madaniyatli inson edi. Uning halolligi haqida barcha tanishlaridan soʻranglar, axir ular orasida tiriklari bor-ku!” degandi Tanzila Aminjonova.

1961-yil 18-aprelda Moskvada SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi Bahovuddin Aminjonov oqladi. Yosh shifokorning asossiz ayblangani tasdiqlandi.

Maftuna KARIMOVA, OʻzA