Fuqarolarning korrupsiya va unga nisbatan murosasiz munosabati, faol jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi ularning murojaatlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan murojaatlarda aks etgan holatlar e’tiborga olinib, korrupsiyaviy holatlarning oldi olinishi, fosh etilishi yoki bartaraf etilishiga erishilmoqda.
Agentlik axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning fevral oyida fuqaro N.O. tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarashli A.Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti mansabdor shaxslari xatti-harakatlari bo‘yicha agentlikka kelib tushgan murojaat ko‘rib chiqilgan.
Aniqlanishicha, institut tomonidan vazirlikning “Zo‘r” (“Klass”) loyihasi doirasida 2021-2022 o‘quv yillarida hududlardagi maktab o‘quvchilariga rus tilini o‘rgatish uchun 150 nafar rossiyalik mutaxassisning tashrifi ko‘zda tutilgan. Ularning ijarada yashashi uchun “Araks Trade Business” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan 8 milliard 473,4 million so‘mlik shartnoma imzolangan. Ushbu shartnoma kompleks ekspertizadan o‘tkazilmagan va uni tuzishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, mazkur jamiyatning 2013-2021 yillardagi ta’sischisi K.F. bo‘lib, u 2018 yildan buyon Pedagoglarning kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish bo‘yicha milliy tadqiqot institutida o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlaydi.
Shartnomaga muvofiq, 149 uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haqiqatda sarflangan mablag‘lardan kelib chiqib, institut tomonidan xarajat qilingan summa 4 milliard 858 million so‘mni tashkil etgan. Biroq, 2021 yil sentyabr - 2022 yil iyun oylarida Rossiya Federatsiyasidan amalda kelmagan 31 nafar o‘qituvchiga 4 oydan 10 oygacha yashamagan ijara uy-joylari uchun 569,4 million so‘m ortiqcha to‘langan.
Shuningdek, uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 4 milliard 858 million so‘m to‘lanishi lozim bo‘lsa-da, institut tomonidan 7 milliard 52 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishi hisobiga jamiyatga 2 milliard 194,2 million so‘m mablag‘ ortiqcha to‘lab berilgan va bu mablag‘ keyinchalik o‘zlashtirilgan.
Qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan hujjatlar asosida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan institut va “Araks Trade Business” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borildi.
Ayni paytda holat bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA